Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yevrokomissiya rahbari RFning gibrid urushiga reaksiya bildirishga chaqirdi
Ursula fon der Lyayyenning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning maqsadi Yevropada «nifoq ekish»dir. Yevropa komissiyasi raisi havo hujumidan mudofaa, artilleriya va kiberurush kabi to‘qqizta asosiy yo‘nalish bo‘yicha imkoniyatlarni oshirish rejasini taqdim etadi.
Foto: AP
Rossiya Yevropaga qarshi gibrid urush olib bormoqda, Yevroittifoq esa an’anaviy mudofaadan tashqari boshqa choralar bilan ham javob berishi kerak. Bu haqda 8 oktyabr, chorshanba kuni Strasburgdagi Yevroparlamentda Yevrokomissiya (YeK) raisi Ursula fon der Lyayyen bayonot berdi.
U yaqinda uchuvchisiz uchish apparatlari bilan hodisalar hamda Rossiyaning Yevropa Ittifoqi va NATO havo hududini buzishi, dengiz kabellariga hujumlar, aeroportlar va logistika markazlariga kiberhujumlar va saylovlarga ta’sir ko‘rsatish uchun zararli kampaniyalarini esladi.
«Bu tasodifiy hujumlar emas», dedi fon der Lyayyen. «Bu fuqarolarimizni beqarorlashtirish, qat’iyatimizni sinab ko‘rish, ittifoqimizni bo‘lish va Ukrainani qo‘llab-quvvatlashimizni zaiflashtirish uchun davom etayotgan va kuchayib borayotgan kampaniya. Bu gibrid urush», — deya uning so‘zlarini keltiradi Reuters.
«Rossiyaning gibrid urushiga qarshi kurashish an’anaviy mudofaadan iborat bo‘lib qolmasligi kerak», — deya qo‘shimcha qildi u. «Bu barchamizdan yangicha fikrlashni talab qiladi. Biz yo Rossiya tahdidlarining kuchayishidan qochib, uni kuzatishimiz mumkin yoki ularga birdamlik, jilovlash va qat’iyat bilan qarshi turishimiz lozim», — dedi u.