Jahon | 18:03 / 15.10.2025
2545
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyadagi migrantlar gepatit V va S bo‘yicha tekshiriladi

2026 yil 1 martdan boshlab migrantlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi o‘zgaradi.

Foto: RIA Novosti

Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi 2026 yil 1 martdan boshlab migrantlarni o‘tkir gepatitlar, shuningdek, surunkali virusli gepatit B va C bo‘yicha tekshirishni joriy qilmoqchi.

«Vedomosti» nashrining yozishicha, bu Rossiyaga mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida kirib kelayotgan barcha chet elliklar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va qochqin sifatida tan olish yoki Rossiyadan vaqtinchalik boshpana so‘rash uchun ariza berganlarga taalluqli bo‘ladi.

Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibiga tegishli o‘zgartirishlar loyihasi allaqachon federal normativ-huquqiy hujjatlar portaliga joylashtirilgan. Tushuntirish xatida aytilishicha, o‘zgartirishlar «tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishning tashkiliy asoslari va tartibini takomillashtirish» uchun zarur.

Migrantlar uchun tibbiy guvohnoma Rossiyada ishlash uchun ruxsatnoma, vaqtincha yashash uchun ruxsatnoma va yashash guvohnomasini olish uchun talab qilinadi. Bu Rossiyadagi chet elliklarning huquqiy holati to‘g‘risidagi qonunda belgilangan.

Hozir migrantlar organizmida giyohvand moddalar va atrofdagilar uchun xavfli bo‘lgan kasalliklar bor-yo‘qligi tekshiriladi. Bularga OIV, sil, zaxm, moxov kasalliklari kiradi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid