O‘zbekiston | 14:01 / 29.10.2025
1086
2 daqiqa o‘qiladi

Yadroviy obektlarda chiqindilar bilan ishlash me’yorlari tasdiqlandi

Adliya vazirligi “Radioaktiv chiqindilar bilan muomalada bo‘lishning xavfsizlik talablari”ni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Hujjat atom elektr stansiyalari, kichik modulli va tadqiqot reaktorlari hamda boshqa yadroviy qurilmalarning butun hayot siklida radioaktiv chiqindilarni xavfsiz boshqarish tartib-qoidalarini belgilaydi.

Foto: Dreamstime

Yangilangan me’yoriy hujjat radioaktiv chiqindilar bilan ishlashda inson salomatligi va atrof-muhit xavfsizligini ustuvor qiymat sifatida belgilaydi. Talablar loyihalash, ekspluatatsiya, texnik xizmat ko‘rsatish va foydalanishdan chiqarish bosqichlarini qamrab oladi.

Asosiy talablar va majburiyatlar:

  • dozimetriya va nazorat: xodimlarning nurlanish dozalarini doimiy individual monitoring qilish;
  • tasniflash: radioaktiv chiqindilarni faollik darajasiga ko‘ra toifalash, ularni ajratish va belgilangan qoidada saqlash;
  • muhofaza to‘siqlari: radiatsiya tarqalishining oldini olish maqsadida muhandislik va texnologik to‘siqlarni qo‘llash;
  • shaxsiy himoya: barcha ishchilarni shaxsiy himoya vositalari (PHV) va dozimetrlar bilan ta’minlash.

Radiatsiyaviy nazorat shakli obekt loyihasida aniq belgilanib, ekspluatatsiya hujjatlarida qayd etiladi. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlar radioaktiv chiqindilar bilan bog‘liq ish jarayonlari uchun yo‘riqnoma va qo‘llanmalarni ishlab chiqishi va yangilab borishi shart.

Atom energiyasidan foydalanish jarayonida radioaktiv chiqindilar hosil bo‘lishining me’yorlari hamda yillik rejalashtirilgan hajmlari (miqdorlari) rasmiy hisobotlarda aks ettiriladi. Hisobga olish va tekshirish mexanizmlari balans mansublilik chegaralari va amaldagӣ standartlarga muvofiq yuritiladi.

Mutasaddilarga ko‘ra, me’yoriy hujjatning amalga kirishi radioaktiv chiqindilar bilan ishlashdagi amaliyotni xalqaro talablarga moslashtirish, hisobdorlikni kuchaytirish va xavfsiz ishlash madaniyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid