Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp: AQSh Janubiy Koreya uchun atom suvosti kemasi qurib beradi
AQShda Janubiy Koreya floti uchun atom suvosti kemasi quriladi, deb bayonot berdi Donald Tramp. Hozir dunyoda atom dvigateliga ega suvosti kemalari bo‘lgan davlatlar atigi oltita. Bunday ishlanmalar haqida Shimoliy Koreya ham bayonot berib keladi.
AQSh prezidenti Donald Tramp Seulga tashrifi chog‘ida Janubiy Koreya uchun atom suvosti kemasi qurilishini ma’lum qildi. “Bizning harbiy ittifoqimiz ilgari hech qachon bu qadar mustahkam bo‘lmagan. Shundan kelib chiqib, ularda hozir mavjud eskirgan va ancha kam manyovrli dizel suvosti kemalari o‘rniga atom suvosti kemasi qurishga ruxsat berdim”, — deb yozdi Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida 29 oktyabr kuni.
AQSh prezidentining aniqlashtirishicha, “Janubiy Koreya o‘z atom suvosti kemasini Filadelfiyadagi verflarda quradi”. Hozirda atom dvigateliga ega suvosti kemalari AQSh, Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy va Hindistonda mavjud. Qator boshqa mamlakatlar bunday submarinalarni hali ishlab chiqmoqda, shular qatorida Shimoliy Koreya rasmiylari ham bunday loyihalar ustida ishlayotganini ma’lum qilgan.
Donald Tramp, shuningdek, Janubiy Koreya AQSh bojxona bojlarini pasaytirishga javob tariqasida 350 milliard dollar to‘lashga rozi bo‘lganini bildirdi. Tramp bu tariflarni aprel oyida e’lon qilgan, Janubiy Koreya uchun yig‘imlar avvaliga 25 foiz edi. U paytda Seul Vashington oldidagi “tarixiy qarz” tufayli AQSh bojlariga javob choralari ko‘rilmasligini bildirgandi.
“Ular bilan neft va gazimizni ulkan hajmlarda xarid qilishga kelishib oldik. Boy Janubiy Koreya kompaniyalari va biznesmenlar tomonidan mamlakatimizga kiritiladigan investitsiyalar 600 milliard dollardan oshadi”, — deb qo‘shimcha qildi AQSh prezidenti 29 oktyabr kuni.
Mavzuga oid
14:20 / 06.06.2026
Tramp Netanyahudan nega norozi?
08:04 / 06.06.2026
Sun’iy yo‘ldoshlar Xitoyning noodatiy suvosti kemasini aniqladi
22:15 / 05.06.2026
Tramp Eron masalasi «hal bo‘lgach» Kubadagi rejimni o‘zgartirish rejasini e’lon qildi
22:03 / 03.06.2026