Jahon | 09:47 / 05.11.2025
1973
3 daqiqa o‘qiladi

Belgiyada NATO bazasi va aeroportlari ustida dronlar payqaldi

Belgiyadagi NATOning Klyayne-Brogel aviabazasi yaqinida yana olti ta noma’lum dron kuzatildi. Bryussel va Lej aeroportlarida aviaqatnov vaqtincha to‘xtatildi.

Foto: Björn Trotzki/IMAGO

Belgiya shimoli-sharqida joylashgan NATOning Klyayne-Brogel aviabazasi yaqinida yana noma’lum dronlar payqaldi. Belga axborot agentligi 4 noyabr kechqurun xabar berishicha, mahalliy aholi bazadan yaqin masofada kamida oltita dronni ko‘rgan.

Dpa agentligi keltirgan tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, Klyayne-Brogel aviabazasi Yevropada AQSh yadroviy qurollari saqlanadigan joylardan biri hisoblanadi.

Politsiya ikkita dronni qayd etdi. «Hali juda noaniq, chunki hatto harbiylar ham bu dronlarni aniq ko‘ra olmadi», — dedi mahalliy hokimiyat vakillari. Zarur holatda dronlarni tutib olish uchun hududga politsiya vertolyoti chaqirildi.

2 noyabr kuni Klyayne-Brogel ustida ikki marta noma’lum dronlar ko‘rilgan edi. Ular harbiy obekt ustida katta balandlikda parvoz qilgan va bu oddiy dron parvozi emas — ularning maqsadi NATO bazasi bo‘lgan, deb bayonot berdi Belgiya mudofaa vaziri Teo Franken.

4 noyabr kechqurun dronlar haqidagi xabarlar tufayli Bryussel aeroportida aviaqatnov ikki marta — taxminan soat 20:00 va 22:00 larda vaqtincha to‘xtatildi, deya yozadi dpa. Belga ma’lumoticha, cheklovlar Lej shahri aeroportida ham joriy etilgan.

So‘nggi haftalarda Belgiyada shunga o‘xshash hodisalar bir necha bor qayd etildi. Oktyabr oxirida Lej janubidagi Marsh-an-Famen harbiy bazasi ustida dronlar ikki marta ko‘rildi. Mudofaa vaziri buni «Belgiya armiyasining yuragiga qarshi ochiqdan ochiq rejalashtirilgan operatsiya» deb atadi va dronlarni tajribali uchuvchilar boshqarganini qayd etdi. Oktyabr boshida esa mamlakat sharqidagi Elzenborn harbiy poligoni ustida 15 ta dron ko‘rilgan.

Noma’lum dronlar Yevropaning qator davlatlarida — jumladan Germaniya, Daniya va Norvegiyada ham harbiy obektlar va aeroportlar yaqinida uzoq vaqtdan beri kuzatib kelinmoqda. Bu hodisalar munosabati bilan ayrim aeroportlar reyslarni qabul qilish va jo‘natishni vaqtincha to‘xtatgan. Dronlarning aniq kim tomonidan uchirilgani hozircha ma’lum emas, biroq rasmiylar Rossiya tomonini gumon qilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid