Jahon | 18:30 / 05.11.2025
8623
7 daqiqa o‘qiladi

Tramp nishonida - Venesuela. Nega?

Venesuelaga urush tahdidi: motivlar nima, bu kimga qanday ta’sir qiladi?

Keyingi haftalar va oylarda Donald Trampning diqqat markazida Yaqin Sharq emas, Rossiya–Ukraina urushi ham emas. Hatto Xitoy bilan “poyga” ham ahamiyat jihatidan biroz quyi darajaga tushgan. AQSh prezidentining asosiy e’tibori Venesuelaga qaratilgan. Bu davlat chegaralari yaqinida Amerika harbiy kuchlari joylanmoqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Kun.uz’dagi kolonkasida AQSh – Venesuela ziddiyatining motivlari haqida so‘z yuritadi.

Venesuela – O‘zbekiston uchun dunyoning narigi tomoni, Janubiy Amerikada joylashgan. Janubiy Amerika – biz uchun eng uzoq qit’a. Biroq agar AQSh Venesuelaga urush ochsa, bu dunyo geosiyosatiga, iqtisodiyotiga, jumladan, neft narxiga jiddiy ta’sir qiladi.

Venesuela kichik davlat emas. Uning sarhadi 916 ming kvadrat kilometrni tashkil qiladi, va bu bilan O‘zbekistondan (448 ming kv. km) ikki baravardan ham sal kattaroq hisoblanadi. Aholisi esa o‘tgan 2024 yilda 28,4 millionni tashkil qilgan.

Tramp Venesuelaga qarshi axborot urushini boshlaganida, ko‘pchilik qatori men ham bu axborot kampaniyasini “yolg‘on”, “psixologik bosim”, xalqaro ibora bilan aytganda “blef” deb qabul qildim. Bunga asos bor edi. Tramp shu paytga qadar Kanadaga bosim qilib, “51-shtat bo‘l” dedi — bo‘lmadi. Grenlandiyani qo‘shib olmoqchi bo‘ldi — o‘xshamadi. Panama kanalini to‘liq o‘zlashtirmoqchi bo‘ldi — bu ham amalga oshmadi. Biroq Venesuelaga nisbatan bosim borgan sari oshib bormoqda.

Hozirda Venesuela atrofida, Karib dengizida jami 13 ta amerikalik harbiy kemalar jamlandi. Ulardan uchtasi aviatashuvchi, ya’ni o‘z gardanlarida qiruvchi samolyotlarni tashib yuradi. Eng yirik samolyot tashuvchi kema — “Jyerald Ford” ham Karib dengizida. Qolgan ikkitasi ham uzoqqa uchuvchi raketalar bilan jihozlangan. Ikkita yoqilg‘i tashuvchi katta tanker ham Karibda. Venesuela atrofiga keltirilgan harbiy askarlar soni o‘n mingdan oshgan. Har hafta bir necha marta katta raketa tashuvchi yirik samolyotlar Venesuela osmoni ustidan uchib, mahalliy harbiylarga psixologik bosim o‘tkazmoqda.

Xo‘sh, Trampning rasmiy va norasmiy motivlari nimalardan iborat? Venesuela – Lotin Amerikasidagi eng aksil-amerikachi davlatlardan biri. Oldingi prezident Ugo Chaves ham, hozirgi Nikolas Maduro ham mintaqada va xalqaro maydonda AQSh siyosatini “imperialistik”, “gegemonistik” deya tanqid qilib kelgan. Shu bois ular Vashingtonda yomon ko‘riladigan siyosatchilar hisoblanadi. Oldingi AQSh prezidentlari Venesuela rejimiga u qadar katta e’tibor bermagan bo‘lsa, Trampning bu mamlakat borasida jiddiy rejalari bordek ko‘rinadi.

Tramp saylov kampaniyasi chog‘ida Amerika xalqiga narkotik moddalar bilan jiddiy kurashishga va’da bergan edi. Saylanishi bilanoq Davlat departamentiga topshiriq berib, narkotik ishlab chiqaruvchi va tashuvchi guruhlar, kartellar va shaxslarni “terroristlar” ro‘yxatiga kiritishni buyurdi. 2025 yil fevral oyi oxirida Davlat departamenti o‘zining “terroristik tashkilotlar ro‘yxatini” yangiladi va unga narkotik kartellar bilan bir qatorda Venesuela prezidenti Maduro ham “narkotik moddalar tranziti” va kartellar bilan hamkor sifatida kiritildi. Maduroni qo‘lga olish haqida ma’lumot berganlarga 15–25 million dollar mukofot puli e’lon qilingan bo‘lsa, shu yil avgustda bu summa 50 millionga yetkazildi. Bu bilan AQSh Maduroni dunyodagi eng yirik narkosavdogar deb e’lon qildi.

Xo‘sh, aslida ham Venesuela narkotik ishlab chiqarish markazimi yoki asosiy tranzitmi? Yo‘q. AQShga kelayotgan narkotik moddalarning asosiy ishlab chiqaruvchilari, avvalo, Meksika va Kolumbiya hisoblanadi. Lekin Trampning maqsadi — Maduro rejimini ag‘darish va narkotrafik bu borada qulay bahona sifatida ko‘rilayotgan bo‘lishi mumkin.

Tramp Venesuelaga urush qilish uchun Kongressdan ruxsat so‘rash niyatida emas. 2001 yil 11 sentabrdan keyin AQShda “Patriot akti” qabul qilingan edi. Unga ko‘ra, terroristik tashkilotlar va shaxslarga qarshi kurashishda prezident Kongress ruxsatisiz ham harbiy kampaniya boshlash huquqiga ega. Tramp aynan shu huquqiy imkoniyatdan foydalanish niyatida.

Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, bir necha oy oldin Maduro Trampga yashirin xat yozib, kelishuv taklif qilgan. Unda Venesuelaning AQSh bilan tinch-totuv va hamkorlikda yashash niyati borligi, shuningdek, AQSh neft kompaniyalariga Venesuela neftini qazish va sotishda qulayliklar berilishi taklif etilgan. Biroq Tramp komandasida bu masalada ikki xil fikr bo‘lgani aytiladi. Trampning Venesuela bo‘yicha maxsus vakili Richard Grenel kelishuvni qabul qilish tarafdori bo‘lgan, ammo davlat kotibi Marko Rubio “Maduroni yiqitmasak, u yana bizga qarshi chiqadi” deb Trampni o‘z tomoniga og‘dirgan.

Tramp kelishuvlarga rozi bo‘lmagach, Maduro uch davlatga murojaat qildi va ma’naviy hamda moddiy yordam so‘radi. Bu davlatlar — Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi va Eron Islom Respublikasi. Bu uch davlat ham O‘zbekistonning qo‘shnilari: Qozog‘iston orqali Rossiya, Qirg‘iziston orqali Xitoy va Turkmaniston ortida Eron. Biroq Rossiya Ukraina urushi bilan band, u Maduroga amaliy yordam bera olmaydi. Eronning imkoniyatlari ham cheklangan. Faqat Xitoy Maduroga yordam berish imkoniyatiga ega, ammo uzoqdagi Venesuela uchun AQSh bilan jiddiy to‘qnashuvga kirishish niyatida emas.

Venesuela aniq o‘lchangan neft zaxiralariga ko‘ra mutlaq lider — uning zaxiralari 300 milliard barreldan ziyod. Bu ko‘rsatkich bilan u hatto Saudiya Arabistonidan ham oldinda. Maduroning eng katta muammosi — bu venesuelaliklarning yillar davomida to‘plangan qiyinchiliklari va rejimga nisbatan ishonchsizligi bo‘lishi mumkin. Vaqti kelib, diktaturalar nafaqat milliy manfaatlarni, balki o‘z hokimiyatlarini ham himoya qila olmay qoladi. Demokratiyalar esa katta kuch va qudrat yaratib, xalqaro hamjamiyat ishonchini o‘zlariga og‘dirishga intiladi va tashqi dunyodagi zaif avtokratiyalarga ham hamla qilishga moyil bo‘ladi.

Mavzuga oid