Jahon | 08:22 / 05.11.2025
15650
6 daqiqa o‘qiladi

Zohran Mamdaniy: Nyu-York meri lavozimidagi ilk musulmon

Migrantlik ildizlariga ega demokrat Zohran Mamdaniy Nyu-York meri saylovida g‘alaba qozondi. Yosh siyosatchi haqida nima ma’lum va u saylovchilarni nima bilan o‘ziga rom etdi?

Foto: The New York Times / Cindy Schultz

Zohran Mamdaniy 4 noyabr kuni Nyu-York meri saylovida ishonchli g‘alaba qozonib, ikki raqibini — respublikachi Kyortis Sliva va mustaqil nomzod sifatida qatnashgan Nyu-York shtatining sobiq gubernatori Endryu Kuomoni ortda qoldirdi.

2024 yil oktyabrida Mamdaniy AQShning eng yirik shahri rahbarligi uchun kurashish niyatini e’lon qilganida, kamchilik uning muvaffaqiyatiga ishongan edi. Hozir esa u AQSh siyosiy sahnasida «yulduz»ga aylanib bormoqda, uni qo‘llovchilar soni ortyapti. 34 yoshli yangi mer Zohran Mamdaniy haqida bilish kerak bo‘lgan ma’lumotlar — DW tahlilida.

Zohran Mamdaniy — migrantlik ildizlariga ega amerikalik. U Ugandada, asli kelib chiqishi hindistonlik oilada tug‘ilgan. Onasi Mira Nair — mashhur hind-amerikalik kinoijodkor, otasi Mahmud Mamdaniy — ugandalik, asli kelib chiqishi hindistonlik olim. Zohran 5 yoshida oilasi Ugandadan Janubiy Afrikaga, ikki yil o‘tib esa Nyu-Yorkka ko‘chib o‘tgan. AQSh fuqaroligini 2018 yilda olgan. 2025 yil boshida u suriyalik ildizlarga ega rassom Rama Duvajiyga uylandi. Saylovdagi g‘alabadan keyin Mamdaniy Nyu-York tarixidagi ilk musulmon merga aylandi.

Mamdaniyning siyosiy faoliyati jadal rivojlandi: 2020 yilda u Nyu-York shtati assambleyasiga saylandi. 2024 yil oktyabrida shahri merligiga nomzod bo‘lish niyatini aytganida, ko‘plar uning Dempartiyadan nomzod bo‘lish imkoniyatini «nol» deb baholagandi. Ammo natijada u praymerizda 56,4 foiz ovoz bilan ishonchli g‘alaba qozondi.

Siyosatga kirgunga qadar Mamdaniy kam ta’minlangan, uydan chiqarilishi mumkin bo‘lgan insonlarga yordam berish sohasida ishlagan. Shu bois, Nyu-York merligi uchun olib borgan kampaniyasining markaziy mavzusi — arzon va qolaversa, omma uchun mos uy-joy masalasi bo‘ldi.

2017 yildan Mamdaniy AQShdagi eng yirik sotsialistik tashkilot — «Amerika demokratik sotsialistlari» a’zosi. Jumladan, u boylar uchun soliqni oshirish va 2030 yilga borib minimal ish haqini soatiga 16,50 dollardan 30 dollargacha ko‘tarishni qo‘llab-quvvatlaydi.

Bundan tashqari, u barcha uchun bepul maktabgacha ta’limni ta’minlashni va bosqichma-bosqich Nyu-Yorkda avtobuslarda bepul sayohatni joriy etishni istaydi. «Hamma tushunadigan tilda gapirish kerak. Odamlarning kundalik hayotida ustun bo‘lgan qiyinchiliklar haqida so‘zlash kerak», — degan edi u sentabrda New Statesman britan nashriga bergan intervyusida. «Ko‘pincha demokratlar demokratiya haqida gapiradi, ammo agar siz o‘zingizniki deb ataydigan shaharda yashashni uddalay olmasangiz, qadriyatlar haqida o‘ylashga vaqtingiz bo‘lmaydi».

Zohran Mamdaniyning so‘l qarashlari sabab tanqidchilari ham yetarli. Ayrim kuzatuvchilar fikricha, u AQShning eng liberal shaharlaridan biri uchun bahsli figuraga aylangan.

Nyu-York shtatining sobiq gubernatori Devid Peterson shunday dedi: «(Mamdaniyning siyosiy qarashlariga oid) xavotirlar — Trampga nisbatan odamlarni bezovta qilgan muammolarga o‘xshash. U turli auditoriyalarga murojaat qilib, butun guruhlar haqida salbiy gapiradi. Zohran Mamdaniy ham xuddi shunday qilmoqda. Faqat u oddiy demokratlar yoki oddiy respublikachilar haqida gapiryapti».

Nyu-York — Isroil tashqarisida eng yirik yahudiy diasporasi yashaydigan shahar ekanini inobatga olganda, Mamdaniyning falastinliklar huquqlarini uzoq yillardan beri yoqlab kelishi ham ayrimlar uchun muammo sifatida ko‘rilyapti. Nyu-Yorkdagi Park-avenyu sinagogasi ravvini Elliot Kosgrouv «oshkora, o‘tkir va rasman: Zohran Mamdaniy Nyu-York yahudiy jamoasi uchun xavf tug‘diradi», deb bayonot berdi. Biroq bu fikrni shahar yahudiylarining barchasi bo‘lishmaydi — ko‘plari Mamdaniyni qo‘llab-quvvatlashini aytgan.

Ayrim biznes vakillari ham xavotir bildirdi. Mashhur investor, milliarder Bill Ekman X ijtimoiy tarmog‘ida «Mamdaniyning biznesga qarshi siyosatlari, jumladan korxona soliqlarini oshirish, Nyu-Yorkdagi ish o‘rinlarini yo‘q qiladi va kompaniyalarni shahardan ketishga majburlaydi», deb yozdi.

Nyu-Yorkda tug‘ilib o‘sgan Donald Tramp esa Zohran Mamdaniyga nisbatan antipatiyasini yashirmaydi. Ovoz berish arafasida u Truth Social tarmog‘ida, agar Mamdaniy g‘olib chiqsa, Oq uy qonun bilan belgilangan minimumdan ortiq federal mablag‘ ajratmasligi mumkinligini aytdi.

Tramp avvalroq Zohran Mamdaniyni «kommunistik devona» va «soatini kutgan falokat» deb atagan. Mamdaniy esa shahar manfaati yo‘lida prezident Tramp bilan hamkorlikka tayyorligini, ammo qo‘rqitishlarga berilmasligini aytgan.

«Agar siz Nyu-York aholisining hayotini qiyinlashtirish, bu shahardagi ko‘p odamlarni ta’qib qilish va uning tuzilishini vayron qilish haqida gaplashmoqchi bo‘lsangiz, siz bilan kurashishga tayyorman», — dedi Zohran Mamdaniy siyosiy satira bilan shug‘ullanuvchi The Good Liars duetiga bergan intervyusida. Mamdaniy bilan Tramp qarashlari diametral qarama-qarshi ekanini inobatga olganda, ularning munosabatlari Amerika siyosatining navbatdagi «tomoshasi»ga aylanishi ehtimoli katta.

Nyu-York aholisi 8,5 million, yiliga 65 million mehmon keladigan bu megapolis muhim madaniy va moliyaviy habdir. Bu yerda uy-joy, transport va budjet moliyalashuviga oid qator muammolar mavjud. Nyu-York meriyasi budjeti 116 milliard dollarni tashkil etadi, unga maktab ta’limidan tortib politsiyagacha keng majburiyatlar yuklangan. Shaharning ko‘lami va global maqomi mer faoliyati ichki siyosat bilan birga xalqaro maydonda ham olib borilishini anglatadi. Nyu-Yorkning bir nechta avvalgi merlari AQSh prezidenti lavozimiga da’vogar bo‘lgan, ammo bu muvaffaqiyatsizlik bilan tugagan.

Mavzuga oid