Zohran Mamdaniy 4 noyabr kuni Nyu-York meri saylovida ishonchli g‘alaba qozonib, ikki raqibini — respublikachi Kyortis Sliva va mustaqil nomzod sifatida qatnashgan Nyu-York shtatining sobiq gubernatori Endryu Kuomoni ortda qoldirdi.
2024 yil oktyabrida Mamdaniy AQShning eng yirik shahri rahbarligi uchun kurashish niyatini e’lon qilganida, kamchilik uning muvaffaqiyatiga ishongan edi. Hozir esa u AQSh siyosiy sahnasida «yulduz»ga aylanib bormoqda, uni qo‘llovchilar soni ortyapti. 34 yoshli yangi mer Zohran Mamdaniy haqida bilish kerak bo‘lgan ma’lumotlar — DW tahlilida.
Zohran Mamdaniy — migrantlik ildizlariga ega amerikalik. U Ugandada, asli kelib chiqishi hindistonlik oilada tug‘ilgan. Onasi Mira Nair — mashhur hind-amerikalik kinoijodkor, otasi Mahmud Mamdaniy — ugandalik, asli kelib chiqishi hindistonlik olim. Zohran 5 yoshida oilasi Ugandadan Janubiy Afrikaga, ikki yil o‘tib esa Nyu-Yorkka ko‘chib o‘tgan. AQSh fuqaroligini 2018 yilda olgan. 2025 yil boshida u suriyalik ildizlarga ega rassom Rama Duvajiyga uylandi. Saylovdagi g‘alabadan keyin Mamdaniy Nyu-York tarixidagi ilk musulmon merga aylandi.
Mamdaniyning siyosiy faoliyati jadal rivojlandi: 2020 yilda u Nyu-York shtati assambleyasiga saylandi. 2024 yil oktyabrida shahri merligiga nomzod bo‘lish niyatini aytganida, ko‘plar uning Dempartiyadan nomzod bo‘lish imkoniyatini «nol» deb baholagandi. Ammo natijada u praymerizda 56,4 foiz ovoz bilan ishonchli g‘alaba qozondi.
Siyosatga kirgunga qadar Mamdaniy kam ta’minlangan, uydan chiqarilishi mumkin bo‘lgan insonlarga yordam berish sohasida ishlagan. Shu bois, Nyu-York merligi uchun olib borgan kampaniyasining markaziy mavzusi — arzon va qolaversa, omma uchun mos uy-joy masalasi bo‘ldi.
2017 yildan Mamdaniy AQShdagi eng yirik sotsialistik tashkilot — «Amerika demokratik sotsialistlari» a’zosi. Jumladan, u boylar uchun soliqni oshirish va 2030 yilga borib minimal ish haqini soatiga 16,50 dollardan 30 dollargacha ko‘tarishni qo‘llab-quvvatlaydi.
Bundan tashqari, u barcha uchun bepul maktabgacha ta’limni ta’minlashni va bosqichma-bosqich Nyu-Yorkda avtobuslarda bepul sayohatni joriy etishni istaydi. «Hamma tushunadigan tilda gapirish kerak. Odamlarning kundalik hayotida ustun bo‘lgan qiyinchiliklar haqida so‘zlash kerak», — degan edi u sentabrda New Statesman britan nashriga bergan intervyusida. «Ko‘pincha demokratlar demokratiya haqida gapiradi, ammo agar siz o‘zingizniki deb ataydigan shaharda yashashni uddalay olmasangiz, qadriyatlar haqida o‘ylashga vaqtingiz bo‘lmaydi».









