Jamiyat | 11:21 / 06.11.2025
7172
4 daqiqa o‘qiladi

“Kimnidir ayblamayman” – qo‘shaloq falokatdan omon qolgan yigit

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda noodatiy videolavha tarqaldi. Unda qurilish uchun o‘rnatilgan havozaga chiqqan yigit balandlikdan avtomobil qatnov yo‘liga yiqiladi va shu zahoti harakatlanib kelayotgan mashina uni urib yuboradi. Videodagi yigitning ahvoli va voqea qayerda sodir bo‘lgani shu paytgacha noma’lum bo‘lib qolayotgandi. Voqea ishtirokchilari tahririyat bilan bog‘landi va Kun.uz muxbiri hodisa joyidan reportaj tayyorladi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Ma’lum bo‘lishicha, hodisa joriy yilning 24 iyun kuni Samarqand tumani Qumzor mahallasidagi Termiz ko‘chasida sodir bo‘lgan. Bir qarashda kulgili tuyulgan bu holat aslida jiddiy baxtsiz hodisaga aylanishi mumkin edi.

Lisadan yiqilgan yigit Rajab Rajabov – Kun.uz bilan suhbatda omon qolgani baxtli tasodif ekanini aytmoqda. Rajabovning aytishicha, u kunlik qurilish-ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullanadi. O‘sha kuni ishini deyarli yakunlab qolgan bo‘lgan va shoshilinch lisaga chiqqan. O‘zining qaltis harakati sabab tepada muvozanatni yo‘qotgan va serqatnov ko‘cha tomon qulagan.

“Lisadan yiqilish chog‘ida oyog‘im bilan tushdim va o‘sha zahoti mashina urib yubordi. Meni xudo asradi, kimnidir ayblamayman, aksincha, haydovchi menga o‘z vaqtida zarur yordamni ko‘rsatdi. Tez yordam mashinasi orqali shifoxonaga olib borishdi, oyog‘imni gips qilishdi, hozir yaxshiman”, dedi Rajabov.

Haydovchi Anvar Ma’rupovning aytishicha, o‘sha paytda katta tezlikda bo‘lmagan.

“Men bu yigit ishlayotgan joyga juda yaqin kelgandim. Tepadan nimadir tushayotganini zo‘rg‘a ko‘rib qoldim va mashinani chap tomonga burdim. O‘sha paytda juda qo‘rqib ketdim va mashinadan tushdim. Shukurki, yigit harakatlanayotgandi, yuzini to‘sib turgan ekan. Keyin unga yordam berishga shoshildim. Tez yordam orqali shifoxonaga bordik, yigitning oyog‘ini gips qilishdi, shundan keyin uning o‘zi va yaqinlari bilan aloqada bo‘lib turdim. Ular menga hech qanday da’vo qilishmadi. Voqea og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lmagani uchun ham huquq-tartibot idoralariga murojaat qilmadik. Bu holat yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganidan so‘ng, IIB xodimlari men bilan bog‘lanishdi. Ularga ham vaziyatni tushuntirdik. Baribir ekspertizadan o‘tishimiz kerakligini aytishdi, endi ularning xulosasini kutyapmiz”, dedi haydovchi. 

Anvarning so‘zlariga ko‘ra, voqeadan so‘ng u shikastlangan mashinasini o‘z hisobidan ta’mirlatgan va Rajab bilan do‘stona munosabatni saqlab qolgan.

Ma’lum bo‘lishicha, odatda bu ko‘cha ancha serqatnov hisoblanadi. Rajab yiqilgan vaqtda jiddiy falokat bo‘lish ehtimoli ham ancha yuqori edi. Yigitning baxtiga o‘sha kuni ko‘chada qatnov kam bo‘lgan.

Mavzuga oid