Ta’lim | 10:23 / 07.11.2025
2186
2 daqiqa o‘qiladi

Akademik almashinuv: Bangladeshga boruvchi o‘zbek talabalari soni oshadi

O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov hamda Bangladesh ta’lim vaziri Choudhuri Rafiqul Abrar o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Foto: Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi

Muzokaralarda oliy ta’lim, ilmiy-tadqiqot va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, xususan quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy qadamlar belgilab olindi:

  • qo‘shma ta’lim dasturlari (bakalavriat/magistratura)ni yo‘lga qo‘yish va dasturlar o‘quv rejalarini uyg‘unlashtirish;
  • akademik mobillik: semestrlik/yillik talabalar almashinuvi, stajirovkalar va o‘qituvchilar vizitlari;
  • ilmiy hamkorlik: qo‘shma konferensiyalar, seminarlar va loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini ishlab chiqish;
  • innovatsiya ekotizimi: startaplar va texnoparklar orqali tadqiqot natijalarini tijoratlashtirishni qo‘llab-quvvatlash.

Uchrashuvda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining Bangladesh OTM bilan mavjud aloqalari kelgusi qo‘shma tashabbuslar uchun mustahkam asos ekani qayd etildi. Shuningdek, Samarqand davlat universitetida tabiiy fanlar, axborot texnologiyalari, ijtimoiy-guruh fanlar, iqtisodiyot va menejment hamda turizm yo‘nalishlari bo‘yicha xorijiy talabalar uchun sharoitlar kengaytirilishi mo‘ljallanmoqda.

Kelishuvlar samarasida Bangladeshga boruvchi o‘zbek talabalari soni bosqichma-bosqich oshishi, qo‘shma dasturlar soni ko‘payishi va ikki tomonlama diplomlarni o‘zaro tan olish bo‘yicha texnik tartib-taomillar soddalashishi kutilyapti. Bu esa kadrlar tayyorlash sifati, til va madaniy kompetensiyalar hamda akademik tajriba almashinuvini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid