Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Politico: Joli Ukrainaga tashrifini oldindan bildirmagan, chegaradan piyoda o‘tgan
Legacy of War Foundation bilan 5 noyabr kuni Mikolayiv va Xersonga kelgan Anjyelina Joli hukumatni oldindan xabardor qilmagan, deb xabar berdi Politico. TsKga olib borgan hamrohi - 33 yoshli Dmitriy Pishchikov - zaxira ofitseri sifatida xizmatga yaroqli, deb topilgan, uni qayta tayyorgarlikka yo‘naltirishgani aytilmoqda.
Legacy of War Foundation xayriya tashkiloti bilan 5 noyabr kuni Mikolayiv va Xerson shaharlariga kelgan amerikalik aktrisa Anjyelina Joli o‘z tashrifi haqida oldindan hukumatni xabardor qilmagan. Bu haqda Politico’ning Yevropa tahririyati yuqori martabali ukrain amaldoriga tayanib xabar berdi.
Nashr suhbatdoshining aytishicha, Joli chegarani piyoda kesib o‘tgan. U qaysi mamlakat tomonidan Ukrainaga kirib kelgani aniqlashtirilmagan.
Tashkilot saytidagi xabarda aytilishicha, Joli tibbiyot xodimlari, mahalliy aholi va volontyorlar bilan uchrashgan. “Mikolayiv va Xerson aholisi har kuni xavf ostida yashaydi, ammo taslim bo‘lmaydi. Butun dunyo bo‘ylab hukumatlar tinch aholini himoya qilishdan yuz o‘girgan bir paytda, ularning kuch-g‘ayrati va o‘zaro yordami chuqur hurmat uyg‘otadi. Deyarli to‘rt yillik mojarodan keyin charchoq ko‘zga tashlanadi, ammo qat’iyat ham bor. Oilalar xavfsizlik, tinchlik va hayotni tiklash imkonini istaydi”, — deyilgan aktrisa so‘zlaridan iqtibosda.
5 noyabr kuni, aktrisaning Ukrainaga kelgani haqida axborot paydo bo‘lganidan bir necha soat o‘tib, ukrain OAV va Telegram-kanallari uning Mikolayiv shahridagi TsKga (Territorial komplektlash markazi, sobiq harbiy komissariat — tahr.) kirib o‘tgani haqida yoza boshladi. Sabab sifatida uning hamrohlaridan birini safarbarlikka chaqirish rejalashtirilgani aytildi. Manbalarga tayanib nashr etilgan xabarlar o‘zaro to‘g‘ri kelmadi: ayrimlari erkak harbiy hujjatlaridagi muammolar tufayli TsKga tushgani va “xizmatga tayyorlanayotgani”ni, boshqalari esa shaxsi aniqlangach, “o‘z ishlari bilan tinch ketgani”ni yozdi.
Ko‘p o‘tmay gap 33 yoshli, Kropivnitskiy shahrilik jangovar sambo murabbiyi Dmitriy Pishchikov haqida ketayotgani ma’lum bo‘ldi. Uning akasi Yevgeniy “Suspіlne” davlat telekanaliga aytishicha, u harbiy xizmat o‘tamagan, uchuvchilar akademiyasida harbiy kafedrani tamomlagan va hozir bel umurtqa kasalligi tufayli faqat orqa qismlarda xizmat qilishi mumkin. Do‘sti Yuliyaning so‘zlariga ko‘ra, 6 noyabr tongga qadar Dmitriy bilan aloqa o‘rnatilmagan. Dmitriyning murabbiyi Vyacheslav telekanalga erkak 4 noyabr kechasi ushlanganini aniqlashtirdi.
Ukraina Qurolli kuchlari Quruqlikdagi qo‘shinlari vakillari “Suspіlne”ga ma’lum qilishicha, TsKdagi tekshiruv chog‘ida Dmitriy zaxira ofitseri ekani va safarbarlikdan ozod etilishi uchun tasdiqlangan asoslari yo‘qligi aytgan. Shuningdek, 2025 yil iyun oyidagi harbiy-vrachlik komissiyasi xulosasiga ko‘ra, u ortda xizmat qilishga yaroqli. Mikolayiv TsKda Politico’ga Dmitriy harbiy qayta tayyorgarlikka yuborilgani aytildi.
Joli Rossiya boshlagan keng ko‘lamli urushdan keyin Ukrainaga avval ham kelgan: 2022 yil aprel oyi oxirida u Lvivga tashrif buyurgan. Xususan, u mahalliy vokzaldagi qochqinlarni qabul qilish markazi va internatda bo‘lgan, harbiy harakatlardan jabrlangan bolalar bilan uchrashgan. Mahalliy aholi aktrisaning kafega kirgan lahzasini videoga ham olgan.
Aktrisa 2001 yildan beri BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi (UNHCR)da yaxshi niyat elchisi hisoblansa-da, bu safar — xabarlarga ko‘ra — shaxsiy tashrif bo‘lgan.
Mavzuga oid
20:04 / 08.06.2026
Kiyevga Zelenskiy bilan uchrashuvga borgan rossiyalik tadbirkor Roman Abramovich bo‘lib chiqdi
10:25 / 08.06.2026
Zelenskiyning maktubi: diplomatik qadammi yoki strategik zarbami?
15:21 / 07.06.2026
Ukraina armiyasi Qrimga olib boruvchi trassani o‘lim yo‘liga aylantirdi
10:05 / 07.06.2026