Jahon | 12:21 / 07.11.2025
4362
5 daqiqa o‘qiladi

RF harbiysi Ukrainada umrbod qamoqqa hukm qilindi

Zaporijjyadagi sud ukrain harbiy asirini o‘ldirganlikda ayblanayotgan Rossiya harbiysi Dmitriy Kurashovni umrbod ozodlikdan mahrum etishga hukm qildi. Kurashov aybini tan oldi - u yaqinda asirlar almashinuviga umid qilganini aytdi.

Foto: AP

Ukraina Qurolli kuchlari (QK) pozitsiyalariga 2024 yil yanvar oyida Zaporijjya viloyatida qilingan hujum paytida ukrain harbiy asirini o‘ldirganlikda ayblangan Rossiya harbiy xizmatchisi Dmitriy Kurashov umrbod ozodlikdan mahrum etildi. Bu qarorni 6 noyabr kuni Zaporijjyadagi Zavodskoy tuman sudi e’lon qildi, deb xabar berdi DW muxbiri sud zalidan. Kurashov bir oy ichida ushbu hukmga apellyatsiya tartibida shikoyat kiritishi mumkin. Hukmni sudyalar hay’ati — Olga Pogrebnaya, Alla Zavinovskaya va Ruslan Sinelnik chiqardi.

Eng og‘ir jazo — umrbod qamoqni prokuror Nikita Manevskiy so‘radi. “Ayblanuvchining qilmishga munosabati haqida biror narsa deyish qiyin, chunki u hech qanday tushuntirish bermadi, — dedi Manevskiy oktyabrdagi munozaralar paytida. — Shu bilan birga, hech qanday tavba-nadomat alomatlari ko‘rinmadi — sud jarayoni davomida ayblanuvchi befarqlikdan boshqa narsani namoyon etmadi”.

Dmitriy Kurashov sudda ko‘rsatma bermadi. Biroq uning himoyachisi Anna Karpenko ayblanuvchi “qilgan ishiga tanqidiy munosabatda” ekani, “chin dildan afsusda” ekani va jinoyat ochilishiga ko‘maklashganini ta’kidlab, jazoni yengillashtirishni so‘radi. “Tergovdan oldingi bosqichda mening mijozim hujum boshlanishidan avval qo‘mondonlik asirlarga qanday muomala qilishni tushuntirmaganini aytgan. Aksincha, hujum paytida hech kimni asirga olmaslik buyrug‘i bo‘lgan. Shu bois, menimcha, Kurashov o‘zini buyruqni bajaryapman, deb o‘ylagan”, — dedi advokat. Uning qo‘shimcha qilishicha, Kurashov shok holatida bo‘lgan va QQ harbiysi taslim bo‘layotganini anglamagan. Himoyachi Kurashovga urush qoidalari va urf-odatlarini buzish moddasi bo‘yicha belgilangan minimal jazoni qo‘llashni so‘radi.

26 yoshli “Stalker” taxallusli Kurashov urush qoidalari va odatlarini buzish, ya’ni qasddan odam o‘ldirishda ayblandi. Ayblovga ko‘ra, 2024 yil 6 yanvar tongda Kurashov bo‘lgan Rossiyaning “Shtorm-V” otryadi Zaporijjya viloyati Pologovskiy tumanining Priyutnoye qishlog‘i atrofidagi ukrain pozitsiyalariga hujum qildi. Bu pozitsiyalarni 127-alohida hududiy mudofaa brigadasi jangchilari ushlab turardi.

Ruslar pozitsiyani egallagach, ukrain harbiylaridan biri — 41 yoshli Vitaliy G. qurolini tashlab, qo‘llarini ko‘tarib chiqqan va Kurashov talabi bilan tiz cho‘kkan, deyiladi 2024 yil noyabrda o‘qilgan ayblov xulosasida. O‘shanda Kurashov asirni kamida uch marta nishonga olib otib o‘ldirgani aytilgan.

Ilk majlisda Kurashov aybini tan oldi, biroq ko‘rsatma berishdan bosh tortdi. Tanaffusda jurnalistlarga u aybini “sud jarayonini tezlashtirish uchun” tan olganini, chunki asirlar almashinuviga umid bog‘layotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qurolsiz ukrain harbiysini go‘yo guruhning “Sedoy” taxallusli feldsheri otgan, u tez orada halok bo‘lgan, o‘ldirishning sababini esa jarohatlangan ukrain jangchisini davolash imkoni bo‘lmagani bilan izohlagan.

Biroq bu versiyani uch rus harbiy asiri — Oleg Zamyatin, Konstantin Zelenin va Dmitriy Zuyev rad etdi. Yanvar oyidagi majlisda ularning uchovi Kurashov qo‘llarini ko‘tarib chiqqan qurolsiz ukrain harbiysiga o‘q uzganini aytdi. Shunga qaramay, Zamyatin va Zelenin bevosita o‘q uzishni ko‘rmaganini, o‘q ovozi va jasadni ko‘rganlarida yon-atrofda faqat Kurashov bo‘lgani uchun shunday xulosaga kelganini bildirdi. Zuyev esa Kurashovning o‘q uzganini ko‘rganini aytdi.

Mart oyida sud yana bir guvoh — rossiyaliklar egallagan pozitsiyani qaytarib olgan ukrain jangchilari safiga kirgan, 47 yoshli Aleksandr D.ning ko‘rsatmasini tingladi. Ular o‘sha yerda o‘z xizmatdoshlari jasadlarini, jumladan “Pingvin” taxallusli Vitaliy G.ning jasadini ham topgan.

D.ning sudga aytishicha, pozitsiyada uning besh hamrohining jasadi yotgan — uch nafari blindajlarda, yana ikkisi (“Pingvin” va “Grinch”) blindajlardan bir necha metr uzoqda. Uning fikricha, bu ikkisi “qarshilik ko‘rsatmayotgan paytda” o‘ldirilgan — chunki quroli yo‘q edi. “Pingvin” esa yuzi bilan pastga yotgan, ehtimol, boshiga o‘q tegib halok bo‘lgan.

Guvoh, shuningdek, o‘zi va xizmatdoshlari rossiyaliklarni — Kurashovni va yana uch rus harbiysini asir olganini, ular sudda Kurashovga qarshi ko‘rsatma berganini tasdiqladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid