Jahon | 10:25 / 10.11.2025
1567
3 daqiqa o‘qiladi

Belgiyada Doel AES uzra uchta dron payqaldi

Belgiyadagi Doel AES matbuot kotibi elektr stansiyasi yaqinida uchta dron paydo bo‘lganini ma’lum qildi. Hodisa stansiya ishiga ta’sir qilmadi.

Foto: Dirk Waem/BELGA MAG/AFP/Getty Images

Antverpen yaqinida joylashgan Doel Belgiya atom elektr stansiyasi uzra uchta dron payqaldi. Bu haqda 9 noyabr kuni kechqurun stansiya operatori hisoblangan Engie energetika kompaniyasining matbuot kotibi xabar berdi. Uning ta’kidlashicha, hodisa elektr stansiyasi ishiga ta’sir qilmagan. Voqea haqida hukumat idoralari xabardor qilingan.

Belgiyaning Belga axborot agentligi yozishicha, bundan 6 noyabr kechqurun, yaqin atrofda dronlar Bryussel aeroporti va Lej shahri yaqinidagi Birset aeroporti faoliyatiga xalal yetgan.

4 noyabr kuni Belga agentligi mahalliy aholi Belgiya shimoli-sharqida joylashgan NATOning Klyayne-Brogel aviabazasi yaqinida kamida oltita dronni ko‘rganini xabar qildi. Shu kuni kechqurun Bryussel aeroportida dronlar haqidagi ma’lumotlar tufayli aviaqatnovlar ikki marta to‘xtatildi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, cheklovlar Lej shahri aeroportida ham joriy etildi.

So‘nggi haftalarda Belgiyada shunga o‘xshash holatlar bir necha bor qayd etilgan. Oktyabr oyi oxirida Lejdan janubdagi Marsh-an-Famene harbiy bazasi ustidan dronlar ikki marta payqaldi. Mamlakat mudofaa vazirligi rahbari Teo Franken o‘shanda buni “Belgiya armiyasining yuragiga qarshi ochiqdan ochiq rejalashtirilgan operatsiya” deb baholab, dronlar tajribali operatorlar tomonidan ishlatilganini aytgan edi.

Oktyabr boshida esa Belgiya sharqidagi Elzenborn harbiy poligoni uzra 15 ta dron payqaldi.

Noma’lum dronlar oxirgi vaqtlarda Yevropaning qator davlatlarida — jumladan, Germaniya, Daniya va Norvegiyada — harbiy obektlar va aeroportlar yaqinida tez-tez aniqlanyapti. Bu hodisalar munosabati bilan ayrim aeroportlar reyslarni vaqtincha qabul qilish va jo‘natishni to‘xtatgan. Dronlarning aniq qaysi tomondan uchirilayotgani hanuz aniqlanmagan, ammo rasmiylar Rossiya tomonidan bo‘lishi mumkinligidan gumonlanmoqda.

9 noyabr kuni Buyuk Britaniya Qurolli kuchlari Mudofaa shtabi boshlig‘i, aviatsiya bosh marshali Richard Nayton London Belgiya havo hududiga dronlar kirib kelishiga qarshi kurashda yordam berish uchun mutaxassislar va uskunalar yuborishini ma’lum qildi.

O‘tgan haftada Germaniya Mudofaa vazirligi ham Belgiyaning so‘roviga ko‘ra, bu mamlakatga dronlardan himoyalanish bo‘yicha yordam ko‘rsatayotganini bildirgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid