Jahon | 18:21 / 10.11.2025
3549
3 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti KXDRga sheriklikda ayblandi

Yun Sok Yolga «umumiy dushmanga yordam ko‘rsatish» moddasi bo‘yicha ayblov qo‘yilmoqda.

Foto: Yonhap

Janubiy Koreya prokuraturasi sobiq prezident Yun Sok Yolga hokimiyatni suiiste’mol qilish va KXDRga yordam berish bo‘yicha qo‘shimcha ayblovlar qo‘ydi. Bu haqda Yonhap agentligi xabar berdi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, yangi ayblovlarga o‘tgan yilning oktabr oyida KXDR chegarasi tomon uchirilgan dronlar sabab bo‘lgan. Uni ishga tushirish to‘g‘risidagi buyruq, taxminlarga ko‘ra, Shimoliy Koreyani harbiy harakatlarga undash maqsadida berilgan bo‘lib, keyinchalik undan mamlakatda harbiy holat e’lon qilish uchun foydalanish mumkin edi.

Maxsus prokurorlar guruhi sobiq prezidentni «xorijiy tajovuzga undash»da ayblash imkoniyatini ko‘rib chiqdi, ammo bu ayblov uning dushman davlat bilan til biriktirganini isbotlashni talab qiladi. Buning o‘rniga, hozir unga KXDR hududida dronning qulashi harbiy sirning oshkor bo‘lishiga olib kelgani haqidagi xulosaga asoslanib, «umumiy dushmanga yordam ko‘rsatish» moddasi bo‘yicha ayblov qo‘yilmoqda. Dron Pxenyan yaqinida urib tushirilgan edi.

Shimoliy Koreya oktabr oyida Seul Pxenyan uzra KXDRga qarshi varaqalar tarqatish uchun dronlar yuborganini ma’lum qilgan va Janubiy Koreyaning qulagan harbiy droni qoldiqlari suratlarini e’lon qilgandi. Uchuvchisiz operatsiyalar qo‘mondonligi rahbari Kim Yon De iyul oyida o‘tkazilgan so‘roqda bu voqea KXDRga nisbatan provokatsiya ekanini rad etdi. Uning ta’kidlashicha, dron parvozi Shimoliy Koreyadan chiqindi to‘ldirilgan havo sharlari uchirilishiga javoban «maxfiy harbiy operatsiya»ning bir qismi bo‘lgan.

Bu ayblovlar sobiq mudofaa vaziri Kim Yon Xyon va kontrrazvedka qo‘mondonligining sobiq rahbari Yo In Xyonga ham qo‘yilgan. Agentlikning qayd etishicha, ushbu holatda KXDRga yordamchilik fakti ayblanuvchilarning xorijiy davlat bilan aloqalari isbotlangan yoki isbotlanmaganidan qat’i nazar aniqlanadi. Ushbu modda Janubiy Koreya manfaatlariga yetkazilgan har qanday harbiy zarar uchun qo‘llanilishi mumkin.

Yun Sok Yol 2022 yil may oyidan beri Janubiy Koreya prezidenti edi. 2024 yil dekabr oyida Milliy Assambleya uni qisqa muddatli harbiy holat joriy etgani uchun lavozimidan chetlatdi, bu esa hokimiyatni o‘zlashtirishda gumon qilinishiga sabab bo‘ldi. Aprelda Yun Sok Yolning impichmenti uzil-kesil tasdiqlandi. Keyinchalik sobiq prezident bir necha muvaffaqiyatsiz urinishlardan so‘ng hibsga olindi.

Mavzuga oid