Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kiyev, Xarkiv, Poltava: Ukraina hududlari elektr ta’minotisiz qoldi
Ukraina poytaxtida elektr o‘chirishlari sutkasiga 13,5 soatgacha cho‘zilishi mumkin. Xarkivda qisman blekaut, Poltavada esa elektr, suv va issiqlik ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda. Mamlakatdagi “Tsentrenergo”ga qarashli barcha IES elektr energiyasi ishlab chiqarmayapti.
Foto: Maxym Marusenko/NurPhoto
Rossiya Qurolli kuchlarining “Tsentrenergo” tashqi issiqlik elektr stansiyalari (IES) va boshqa energetik infratuzilma obektlariga hujumidan keyin Ukraina yirik shaharlarida elektr ta’minoti bo‘yicha ommaviy muammolar qayd etildi. “Ukrenergo”ning 9 noyabr kunigi bayonotiga ko‘ra, yakshanba kuni mamlakatning ko‘p mintaqalarida elektr ta’minotidagi tanaffuslar 8 dan 16 soatgacha bo‘ldi.
DTEK energetik kompaniyasi 8 noyabr kuni Telegram’da xabar berishicha, Kiyevda o‘chirishlar davomiyligi sutka davomida 9,5—13,5 soat oralig‘ida bo‘lishi mumkin.
TSN onlayn-OAV qo‘shimcha qilganidek, “eng uzun tanaffuslar ikkinchi navbat aholisini kutmoqda — ular kunning yarmidan ko‘prog‘ini yorug‘liksiz o‘tkazadi”.
Mahalliy Telegram-kanallarda ayrim obektlar qorong‘ilikka cho‘mgani aks etgan kadrlar e’lon qilinmoqda. Biroq ko‘plab do‘kon va dorixonalar generatorlar va muqobil ta’minot manbalariga ulangan.
“Fokus” Telegram-kanali ma’lumotida Xarkivda qisman blekaut kuzatilgani aytildi. Mahalliy OAV kuchli kuchlanishdan keyin shaharning ayrim tumanlarida elektr o‘chganini xabar qildi.
“Xarkivda elektr energiyasi yetishmovchiligi sezilarli. ‘Ukrenergo’ majburiy avariyaviy o‘chirishlarni joriy etmoqda”, — deb yozdi mer Igor Terexov Telegram’da. Uning so‘zlaricha, “ayrim tumanlarda suv ta’minoti bo‘yicha uzilishlar mavjud, boshqalarida esa bu vaqtincha yuz berishi mumkin”.
Terexovga ko‘ra, metro panohgoh rejimida ishlayapti. Yerusti elektr transporti o‘rniga avtobus yo‘nalishlari qo‘yilgan. “Butun mamlakat bo‘ylab — Lvivdan Sumgacha, Odessadan Chernixovgacha — energetiklar navbatdagi Rossiya zarbalari oqibatlarini bartaraf etmoqda”, — dedi u.
Poltava viloyati harbiy ma’muriyati raisi Vladimir Kogut shaharda elektr, suv va issiqlik ta’minotida uzilishlar borligini ma’lum qildi. Qozonxonalar muqobil manbalarga o‘tkazildi. “Poltavaoblenergo” o‘chirish jadvallarini e’lon qildi — unga muvofiq, aholi kamida 10 soat elektrsiz qolishi mumkin.
8 noyabr kuni “Tsentrenergo” Facebook’da Rossiyaning tungi havo hujumidan so‘ng kompaniyaning Ukrainadagi barcha IESi to‘xtagani va energiya ishlab chiqarmayotganini xabar qildi.
“Stansiyalar — yonmoqda! Bizning IES — harbiy obektlar emas. Biz qurol ishlab chiqarmaymiz! Bizda tinch aholi ishlaydi. Biz to‘xtadik… Hozir — nol generatsiya. Nol!” — deyilgan bayonotda.
“Tsentrenergo” — Ukraina elektr energetikasidagi eng yirik korxonalardan biri, mamlakatdagi yagona davlat generatsiya kompaniyasi. Uning ishlab chiqarish quvvati Ukraina elektrostansiyalari umumiy quvvatining taxminan 14 foizini tashkil etadi.
Energetika vaziri Svetlana Grinchuk United News telekanaliga bergan intervyusida 8 noyabrga o‘tar tun 2022 yil fevralda Rossiyaning to‘laqonli hujumi boshlanganidan beri “eng og‘ir tunlardan biri” bo‘lganini ta’kidladi.
Mavzuga oid
13:45
Kipr: Ukraina YeI Kengashiga raislik davrida ustuvor yo‘nalish bo‘ladi
09:21
OAV: London Ukrainaga RFning 9 mlrd yevrolik aktivlarini topshirishga tayyor
23:21 / 04.12.2025
Ukraina aholisi 42 milliondan 36 milliongacha kamaydi – OAV
23:00 / 04.12.2025