Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
YeIga Ukrainadan qochqinlar oxirgi ikki yilda rekord miqdorda keldi
Sentyabr oyida Yevropa Ittifoqida 2023 yildan buyon ukrainaliklarga vaqtinchalik himoya berish bo‘yicha eng ko‘p arizalar ma’qullandi.
Yevropa Ittifoqi mamlakatlari 2025 yil sentabr oyida Rossiya agressiyasi sabab Ukrainadan chiqib ketganlarga vaqtinchalik himoya berish to‘g‘risida 79 205 ta yangi qaror qabul qildi. Bu avvalgi oyga nisbatan 49 foiz ko‘p va 2023 yil avgustidan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir. Bu haqda 10 noyabr kuni Yevrostat statistika agentligi xabar berdi.
Yevrostat arizalar soni o‘sishini Kiyevning 18–22 yoshli erkaklarga mamlakatdan erkin chiqib ketishga ruxsat bergani bilan izohladi. Natijada sentabr oyida ukrainalik qochqinlar orasida katta yoshdagi erkaklar ulushi 47 foizgacha oshdi. Ilk bor ular ayollar ulushidan (31 foiz) ko‘p bo‘ldi. Voyaga yetmaganlar ulushi 22 foizni tashkil etdi.
2025 yil sentabr oxiridagi holatga ko‘ra, YeI davlatlarida Ukrainadan ketgan 4,3 million kishi vaqtinchalik himoya maqomiga ega edi. Avgust oxiriga nisbatan bu maqomga ega ukrainlar soni 49 555 nafarga, ya’ni 1,2 foizga oshgan.
Eng ko‘p vaqtinchalik himoya olib yashayotganlar Germaniyada — 1,2 milliondan ortiq kishi (YeI bo‘yicha umumiy sonning 28,3 foizi). Ikkinchi o‘rinda Polsha — 1 milliondan ortiq kishi (23,5 foiz), uchinchi o‘rinda Chexiya (qariyb 400 ming kishi, 9 foiz).