Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Isroil prezidentidan Netanyahuni «afv etishni» so‘radi
2019 yilda Binyamin Netanyahu bir vaqtning o‘zida uchta jinoiy ish - korrupsiya, firibgarlik va suiiste’mollik bo‘yicha ayblandi. Ish hanuz davom etmoqda. Tramp uning afv etilishini istamoqda.
Isroil prezidenti Isxak Hersog 12 noyabr kuni AQSh rahbari Donald Trampdan korrupsiya ishi qo‘zg‘atilgan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni «to‘liq afv etishga» chaqirilgan maktub oldi, deb yozdi Deutsche Welle.
«Isroil sud tizimi mustaqilligi va uning talablarini mutlaqo hurmat qilsam-da, men bilan uzoq vaqt davomida birga kurashgan, jumladan, Isroilning murosasiz raqibi Eronga qarshi kurashgan Bibiga (Binyamin Netanyahu) qarshi «ish»ni siyosiy, asossiz ta’qib deb hisoblayman», deb yozdi Tramp.
AQSh prezidentining qo‘shimcha qilishicha, Isroil hamkorlari bilan birgalikda «misli ko‘rilmagan muvaffaqiyatlarga erishgan» bir paytda, «Bibiga mamlakatni birlashtirishga imkon berish», uni afv etish va bu «huquqiy ziddiyatga» chek qo‘yish vaqti keldi.
Isroil prezidenti ofisi bayonotida qayd etilishicha, Hersog «Trampga nisbatan ulkan hurmatni his qiladi», biroq afv etishni xohlovchi «belgilangan tartib-qoidalarga muvofiq» ariza berishi kerak.
Isroil qonunlariga ko‘ra, bunday hujjatni prezidentga o‘zini afv etishni so‘ragan shaxs yoki uning eng yaqin qarindoshlaridan biri yuborishi kerak.
Davlat rahbari hukm sud tomonidan o‘qib eshittirilganidan keyin ham, ishni ko‘rish tugaguniga qadar ham afv etishga haqli. Ikkinchisi juda kamdan-kam hollarda va afv etish «jamoat manfaatlariga javob beradigan» deb tan olingan taqdirda sodir bo‘lishi mumkin.
Hozircha Netanyahu ham, uning qarindoshlari ham Hersogdan afv so‘ramadi.
Oktabr oyi o‘rtalarida G‘azo sektoridagi urush yakunlari bo‘yicha tinchlik shartnomasini imzolashdan oldin Tramp Tel-Avivga bordi va Isroil parlamenti (Knesset) deputatlari oldida bir soatlik nutq so‘zladi. Unda, jumladan, u Hersogga murojaat qilib, Netanyahuni afv etishni so‘radi.
2019 yilda Netanyahu bir vaqtning o‘zida uchta ish bo‘yicha - korrupsiya, firibgarlik va suiiste’mollik bo‘yicha ayblandi. Xususan, u milliarder do‘stlaridan qimmatbaho sovg‘alar olgan, shuningdek, o‘z faoliyatini ijobiy yoritish evaziga media-magnatlar uchun tartibga soluvchi imtiyozlarga erishgan. Bosh vazir aybni rad etib kelmoqda.