Jahon | 23:19 / 13.11.2025
4621
2 daqiqa o‘qiladi

Saakashvili 2022 yildan beri yashagan klinikadan qamoqqa qaytarildi

Gurjiston jazoni ijro etish xizmati uning sog‘lig‘i tiklangani haqida xabar berdi.

Foto: Reuters

Gurjistonning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili 2022 yil may oyidan beri bo‘lgan Tbilisidagi «Vivamedi» klinikasidan chiqarib yuborildi. U jazoni o‘tashni davom ettirish uchun qamoqxonaga qaytarildi. Bu haqda Gurjiston jazoni ijro etish xizmati xabar berdi. Mixail Saakashvili 2021 yilda hibsga olingan va turli ishlar bo‘yicha 12,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

«Mahkum Mixail Saakashvilining sog‘lig‘i qoniqarli bo‘lgani va u endi statsionar davolanishga muhtoj emasligi sababli, fuqarolik sektori klinikasidan chiqarilib, 12-sonli jazoni ijro etish muassasasiga qaytarildi», deyiladi vazirlik xabarida. Sobiq prezident jazoni umumiy asoslarda o‘tashda davom etadi.

Mixail Saakashvili bir qancha ishlar, jumladan, davlat mablag‘larini o‘g‘irlash va chegarani noqonuniy kesib o‘tish bo‘yicha sudlangan. 2022 yilda u «Vivamedi» xususiy klinikasiga yotqizildi va u yerda turli kasalliklardan davolandi.

Shu yil noyabr oyida Gruziya prokuraturasi Saakashvili va muxolifatning yetti yetakchisiga qarshi go‘yoki hokimiyatni ag‘darishga chaqirgani uchun yangi jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Rasmiylar, shuningdek, sobiq prezident asos solgan «Birlashgan milliy harakat» partiyasini konstitutsiyaga zid deb e’lon qilmoqchi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid