Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zelenskiy adliya va energetika vazirlarini bo‘shatishni talab qildi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy “Energoatom” davlat kompaniyasidagi korrupsiya mojarosi fonida adliya vaziri va energetika vaziri - Galushchenko va Grinchukni lavozimdan bo‘shatishni talab qildi. Ular allaqachon iste’fo arizalarini topshirgan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 12 noyabr kuni Telegram-kanalida videomurojaat e’lon qilib, adliya vaziri German Galushchenko va uning o‘rniga energetika vaziri lavozimini egallagan Svetlana Grinchuk “lavozimlarda qololmasligini” bildirdi — bu “Energoatom”dagi korrupsiya tergovi fonida aytildi.
«Bu ish ishonch masalasidir. Agar ayblovlar bo‘lsa, ularga javob berish kerak. Vakolatdan chetlatish haqidagi qaror — tezkor, eng shoshilinch chora. Men Ukraina bosh vaziridan ushbu vazirlardan iste’fo to‘g‘risida arizalar qabul qilishni so‘radim. Oliy Rada deputatlaridan esa bu arizalarni qo‘llab-quvvatlashini iltimos qilaman. Keyin esa barchasi huquqiy maydonda hal etilishi lozim», — dedi Zelenskiy.
Zelenskiy, shuningdek, Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi (MXMK)ning «Energoatom» ishida tilga olinayotgan ikki shaxsga nisbatan sanksiyalar to‘g‘risidagi qarorini imzolashini ma’lum qildi. Davlat rahbari ularning ism-shariflarini oshkor qilmadi.
Keyinroq Ukraina bosh vaziri Yuliya Sviridenko o‘zining Telegram-kanalida navbatdan tashqari majlisda hukumat MXMK ko‘rib chiqishi uchun Zelenskiyning safdoshi, “Kvartal 95” studiyasi egasi Timur Mindich va moliyachi Aleksandr Tsukermanga sanksiyalar joriy etish taklifini kiritganini yozdi. Ikkalasi ham «Energoatom» ishi bo‘yicha tintuvlardan sal oldin Ukrainani tark etgan.
Energetika vaziri Grinchuk Zelenskiy murojaati e’lon qilinganidan taxminan bir soat o‘tib iste’fo berdi. «Mening professional faoliyatim doirasida qonunbuzarliklar bo‘lmagan. Bunday faktlar umuman mavjud bo‘lishi mumkin emas. <...> Oxir-oqibat, vaqt barchasini joyiga qo‘yadi», — deb yozdi u Facebook’dagi sahifasida.
Kunning avvalida vaqtincha vazifalarini bajarishdan chetlatilgan Galushchenkoning iste’fosi haqida esa Sviridenko o‘z Telegram-kanalida xabar qildi. Unga ko‘ra, vazirlar iste’fo arizalarini taqdim etganidan keyin u «ularni lavozimdan ozod etish haqidagi taqdimnomani» Oliy Radaga kiritgan.
Deputat Yaroslav Jyeleznyak va “RBK-Ukraina” manbasiga ko‘ra, masala yuzasidan parlamentda ovoz berish 18 noyabr kuni o‘tkaziladi.
Ukraina Milliy korrupsiyaga qarshi byurosi (NABU) va Ixtisoslashgan antikorrupsiya prokuraturasi (SAP) shu hafta “Energoatom” davlat kompaniyasida yirik korrupsiya sxemasi fosh etilganini ma’lum qildi. 10 noyabr kuni huquqni muhofaza qiluvchi idoralar Galushchenko va Mindichning manzillarida, shuningdek “Energoatom”ning o‘zida tintuvlar o‘tkazgan.
NABU bayonotiga ko‘ra, «jinoiy tashkilot faoliyatining asosiy yo‘nalishi ‘Energoatom’ kontragentlaridan shartnoma qiymatining 10–15 foizi miqdorida muntazam noqonuniy daromad olish bo‘lgan. Xususan, kontragentlarga ko‘rsatilgan xizmatlar/yetkazib berilgan mahsulot bo‘yicha to‘lovlarni bloklashdan qutulish yoki yetkazib beruvchi maqomidan mahrum etmaslik uchun ‘otkat’ to‘lash sharti qo‘yilgan».
11 noyabr kuni “Energoatom” kuzatuv kengashi navbatdan tashqari majlis o‘tkazdi, shundan so‘ng bosh vazir Sviridenko hukumat kompaniyaning kuzatuv kengashi vakolatlarini muddatidan oldin tugatishga qaror qilganini ma’lum qildi.