Jahon | 10:27 / 15.11.2025
1652
3 daqiqa o‘qiladi

Kallas: YeI Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini ishlab chiqmoqda

Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas Berlinda GFR mudofaa vaziri Boris Pistorius bilan uchrashuvdan keyin, Yevroittifoq Ukrainadagi urush uchun Rossiyaga qarshi yangi, 20-sanksiyalar paketini tayyorlashni allaqachon boshlaganini ma’lum qildi.

Foto: REUTERS

YeI Ukrainaga nisbatan Rossiyaning davom etayotgan qurolli bosqiniga javob tariqasida yangi sanksiyalar paketini tayyorlashga kirishdi. Bu haqda YeIning tashqi siyosat va xavfsizlik bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas 14 noyabr kuni Berlinda GFR mudofaa vaziri Boris Pistorius va uning yevropalik hamkasblari bilan uchrashuvdan so‘ng ma’lum qildi.

«Urushda mablag‘ yoki askarlari birinchi bo‘lib tugagan tomon yutqazadi», — dedi Kallas. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaga sanksiyalar yordamida bosim o‘tkazishni davom ettirish zarur. U, shuningdek, AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati tomonidan Rossiya neft kompaniyalariga qarshi joriy etilgan so‘nggi cheklov choralari bu bosimni yanada kuchaytirayotganini ta’kidladi.

Kallasning aytishicha, sanksiyalar xalqaro sheriklar harakatlari bilan muvofiqlashtirilgan taqdirda samaraliroq ishlaydi. Yevropa diplomatiyasi rahbarining qayd etishicha, yangi Amerika sanksiyalari Rossiyani Ukrainaga qarshi urush olib borish uchun zarur bo‘lgan resurslardan allaqachon mahrum eta boshlagan.

YeIning navbatdagi sanksiyalar paketi Ukrainaga qarshi Rossiya qurolli hujumi 2022 yil fevral oyi oxirida boshlanganidan beri qabul qilingan chora-tadbirlar orasida 20-paket bo‘ladi. O‘n to‘qqizinchi paket oktyabr oyida kuchga kirgan va u ham, Amerika cheklovlari singari, avvalo Rossiyaning gaz va neft sotishdan oladigan daromadlarini qisqartirishga qaratilgan.

Qabul qilingan choralarga binoan, Rossiyaning suyultirilgan tabiiy gazi (STG)ni import qilishga to‘liq taqiq 2027 yilda kuchga kiradi — avval rejalashtirilgan muddatdan bir yil oldin. Bundan tashqari, moliya sektorida, savdo sohasida va YeI hududi ichida rus diplomatlarining harakatlanishiga oid qo‘shimcha cheklovlar joriy etildi.

Kallas Berlinda 20-sanksiyalar paketining ehtimoliy chora-tadbirlari tafsilotlarini oshkor etmadi. Biroq Bryussel diplomatlarining ma’lumotlariga ko‘ra, sanksiyalar ro‘yxatiga Rossiyaning yangi energetika kompaniyalari va «soya floti»ga qarashli kemalarni kiritish masalasi muhokama qilinmoqda.

«Soyadagi flot» deganda ko‘pincha chet el bayroqlari ostida yuradigan, ko‘p hollarda eskirib qolgan kemalar nazarda tutiladi. Rossiya bu kemalardan G‘arb davlatlari tomonidan Rossiya neftiga joriy etilgan narxlar chegarasini chetlab o‘tish uchun foydalanadi.

Yuk kelib chiqishini yashirish uchun turli usullar qo‘llanadi — kemalarning avtomatik identifikatsiya tizimi (AIS) ma’lumotlarini o‘chirib qo‘yish yoki o‘zgartirishdan tortib, ochiq dengizda neftni bir tankerdan boshqasiga qayta yuklashgacha.

Mavzuga oid