Jahon | 09:35 / 15.11.2025
1657
3 daqiqa o‘qiladi

Mers Ukrainaga yordam uchun RF aktivlaridan foydalanishga chaqirdi

GFR kansleri Berlinda Ukraina uzoq muddatli mudofaa uchun zarur mablag‘lar bilan ta’minlanishi kerakligini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, muzlatilgan Rossiya aktivlari bo‘yicha qaror YeIning dekabr sammitidayoq qabul qilinishi lozim.

Foto: REUTERS

GFR kansleri Fridrix Mers Yevroittifoq sammitiga bir necha hafta qolgan bir paytda, Yevroittifoqda muzlatib qo‘yilgan Rossiya davlat aktivlaridan Ukrainaga ko‘mak ko‘rsatish maqsadida foydalanishga chaqirdi. «Ukraina Rossiya agressiyasiga qarshi kurashish uchun uzoq muddatli rejada zarur moliyaviy resurslar bilan ta’minlanishi shart», — dedi Mers 14 noyabr kuni Berlinda Kipr prezidenti Nikos Xristodulidis bilan uchrashuvdan so‘ng.

«Bu biz uchun yuqori ustuvor vazifa, eng oliy ustuvorlikka ega masala», — deya urg‘u berdi federal hukumat rahbari. U, shuningdek, bu borada «deyarli har kuni» Yevrokomissiya va YeIga a’zo davlatlar bilan muzokaralar olib borayotganini qo‘shimcha qildi.

Mersning ta’kidlashicha, Germaniya va Kipr Ukrainaga keyingi qo‘llab-quvvatlash doirasida ushbu aktivlardan foydalanish zarurligi haqida yagona fikrda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevrokomissiya hozirda u taklif qilgan mexanizmlarni ko‘rib chiqmoqda. Dpa agentligi eslatishicha, YeIga a’zo 27 davlat oktyabr oyidagi sammitda Rossiya aktivlaridan foydalanish masalasida kelishuvga erisha olmagan va endi dekabrdagi uchrashuvda bu borada siljish bo‘lishiga umid qilmoqda.

Rossiya aktivlaridan Ukrainaga yordam uchun foydalanishga avvalo Belgiya qarshi chiqmoqda — RF muzlatilgan mablag‘larining katta qismi aynan shu yerda saqlanadi. Shu bilan birga, Kipr prezidenti ham aktivlar bo‘yicha qaror yuridik jihatdan mutlaqo to‘g‘ri bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.

Rejaga ko‘ra, muzlatilgan Rossiya davlat aktivlaridan murakkab moliyaviy mexanizm orqali YeI obligatsiyalarini chiqarishda foydalanish, keyin esa ushbu mablag‘larni Ukrainaga yo‘naltirish nazarda tutilgan. Yevropa mamlakatlari, jumladan Germaniya, bu holatda gap Rossiya pullarini musodara qilish haqida bormaydi, deb alohida ta’kidlab kelmoqda.

Berlinda Kipr prezidenti bilan uchrashuv chog‘ida Fridrix Mers, shuningdek, Yevroittifoq Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalardan chetlab o‘tish urinishlariga tizimli ravishda qarshi chiqish niyatida ekanini bildirdi. «Bizning maqsadimiz — birin-ketin barcha “teshik”larni yopib borish va bundan Turkiya hukumati ham xabardor», — dedi kansler. U bu fikrlarini Rossiya YeI sanksiyalari bilan taqiqlangan tovarlarni Turkiya orqali qo‘lga kiritayotgani haqidagi ayblovlar muhokamasi fonida bayon etdi.

Mavzuga oid