Iqtisodiyot | 12:25 / 17.11.2025
1263
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning AQShga eksporti 10 yilda qariyb 10 barobarga oshdi

Pokistonning ommabop Islamabad Post nashrida chop etilgan tahliliy maqolada O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi savdo hajmi so‘nggi o‘n yillikda izchil o‘sib, 2024 yilda O‘zbekistonning AQShga eksporti 431 million dollarga yetgani, bu 2014 yilga nisbatan qariyb 10 barobar ko‘p ekani hamda eksport tarkibi yuqori qiymatli bozorlar tomon diversifikatsiya qilinayotgani qayd etilgan.

Foto: “Dunyo” AA

Pokistonning ommabop Islamabad Post nashrida “O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi savdo hamkorligi: faol o‘sish tendensiyalari” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda ta’kidlanishicha, so‘nggi o‘n yil davomida O‘zbekistonning AQSh bilan savdo aloqalari izchil rivojlanib bormoqda. 2024 yilda O‘zbekiston AQShga 431 million AQSh dollari miqdorida tovar va xizmatlar eksport qilgan. Bu ko‘rsatkich 2014 yildagi 42,4 million dollarga nisbatan qariyb 10 baravarga yuqori.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston eksportida AQShning ulushi 2014 yildagi 0,3 foizdan 2024 yilda 1,6 foizga yetgan. Bu tendensiya mamlakat eksportini yuqori qiymatli bozorlar tomon diversifikatsiya qilish jarayoni kuchayganini ko‘rsatadi.

Maqolada ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning AQShga umumiy eksportida xizmatlar sohasi yetakchi o‘rinni egallab, 2024 yilda 274 million dollar (63,6 foiz)ni tashkil etgan. Biroq, so‘nggi yillarda tovar eksporti tarkibida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmoqda.

Xususan, mineral yoqilg‘ilar va neft mahsulotlari eksporti 2020 yildagi 287 ming dollardan 2024 yilda 117 million dollarga yetgan. Muallifga ko‘ra, bu mahsulotlar xizmatlardan keyingi eng yirik eksport guruhiga aylanib, AQSh bozorida O‘zbekistonda qayta ishlangan energiya mahsulotlariga talab oshganini anglatadi.

Shuningdek, an’anaviy yo‘nalishlardan tashqari yangi mahsulot turlari eksporti ham yo‘lga qo‘yilmoqda. Jumladan:

alyumin va undan tayyorlangan mahsulotlar eksporti 2020 yilda deyarli bo‘lmagan bo‘lsa, 2024 yilda 11,4 million dollarga yetgan;
samolyot va kosmik texnika ehtiyot qismlari eksporti 10,6 million dollargacha oshgan;
qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, shu jumladan sabzavotlar, qahva, choy va ziravorlar eksporti 3,5 million dollardan oshgan.

Muallif umumiy xulosa qilib, O‘zbekistonning AQShga eksporti bosqichma-bosqich xomashyodan sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga yo‘nalib borayotganini, biroq hozircha xizmatlar eksportining ustuvorligi saqlanayotganini qayd etgan.

Maqolaga ko‘ra, 2024 yilda O‘zbekistonning AQShdan importi 594 million dollarni yoki jami importning 1,5 foizini tashkil etgan. Import hajmi eksportdan yuqori bo‘lsa-da, tafovut asta-sekin qisqarayotgani, bu esa xizmatlar, mineral yoqilg‘ilar, alyumin va aviatsiya komponentlari eksporti o‘sishi bilan bog‘liq ekani ta’kidlangan.

Islamabad Post tahlilida qayd etilishicha, AQSh O‘zbekiston uchun nafaqat yuqori qiymatli tovarlar, balki sanoatni modernizatsiya qilish uchun zarur texnologik bilim va kapital manbai bo‘lib qolmoqda. Kelgusi istiqbollar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsadlar – qayta ishlash sanoatini kengaytirish, raqamli xizmatlarni rivojlantirish va qo‘shma innovatsion loyihalarni amalga oshirish bilan bevosita bog‘liqdir.

Nashrda, shuningdek, O‘zbekistonning global savdo tizimiga integratsiyalashuvidagi institutsional siljishlarga ham to‘xtalib o‘tiladi. 2024 yil dekabr oyida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi doirasida tovarlar va xizmatlar bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar yakunlangani e’lon qilingani eslatib o‘tiladi.

Maqolada shunday xulosa keltiriladi: “AQSh bilan savdo aloqalarini mustahkamlash O‘zbekistonning uzoq muddatli diversifikatsiya kun tartibida muhim strategik maqsad bo‘lib qolmoqda. Eksport salohiyati yaxshilanishi va AQShning yangi tarif rejimi sharoitida mamlakat mintaqa miqyosida ishlab chiqarish va qayta eksport qilish uchun raqobatbardosh, tarifsiz neytral markaz sifatida shakllanish imkoniyatiga ega. Bunga erishish uchun barqaror institutsional muvofiqlashtirish, takomillashtirilgan logistika va sertifikatlash tizimlari, shuningdek, mintaqaviy va global savdo sherikliklarida faol ishtirok zarur”.

Mavzuga oid