Jahon | 11:07 / 18.11.2025
3828
2 daqiqa o‘qiladi

Mundial chiptasini sotib olganlar AQSh vizasini tezroq oladi

AQSh elchixonalari 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati chiptalarini sotib olganlarga viza uchun suhbat belgilashda ustuvorlik beradi. Bu haqda dushanba kuni prezident Donald Tramp e’lon qildi.

Foto: Evan Vucci / AP

Tramp bilan birga chiqish qilgan davlat kotibi Marko Rubioning aniqlik kiritishicha, chipta egalari vizaga ariza berganidan keyin 6-8 hafta ichida suhbatga kirishi mumkin bo‘ladi.

Shu bilan birga, chiptaga egalik viza olish kafolatini bermaydi.

“Sizning chiptangiz – bu viza emas. U AQShga kirishingizga kafolat bermaydi”, – dedi Oq uydagi matbuot anjumanida Rubio.

Amerikaning bosh diplomatiga ko‘ra, chipta egalarining arizasi ham odatiy tartibda, boshqalar bilan bir xil tarzda tekshiriladi. “Yagona farq – biz ularning navbati kelishini tezlashtiramiz”, dedi u.

Futbol bo‘yicha erkaklar o‘rtasida 2026 yilgi Jahon chempionati 2026 yil iyun-iyul oylarida AQSh, Meksika va Kanada maydonlarida bo‘lib o‘tadi. Eng ko‘p o‘yinlar Qo‘shma Shtatlar hududida bo‘ladi.

17 noyabr kuni Oq uydagi matbuot anjumanida qatnashgan FIFA prezidenti Janni Infantinoning aytishicha, mundial o‘yinlarini ko‘rish uchun AQShga 10 milliongacha sayohatchi kelishi mumkin.

Avvalroq AQSh Davlat departamenti grin-karta lotereyasi bu yil o‘z vaqtida boshlanmayotganiga izoh berib, dastur saqlab qolinishi, lekin unga texnik o‘zgarishlar kiritilishini ma’lum qilgandi. Lotereya qachondan boshlanishi hali e’lon qilinmagan.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid