O‘zbekiston | 09:49 / 18.11.2025
1763
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston vodorod energetikasida Britaniya bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yyapti

O‘zbekiston elchixonasi, Energetika vazirligi vakillari hamda Buyuk Britaniyaning vodorod texnologiyalariga ixtisoslashgan Intelligent Energy kompaniyasi rahbarlari onlayn muloqot o‘tkazdi. Suhbat chog‘ida “yashil” energetika va vodorodga asoslangan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Foto: "Dunyo" AA

O‘zbekiston elchixonasi hamda Energetika vazirligi vakillari Buyuk Britaniyaning Intelligent Energy kompaniyasi tijorat direktori Greg Xarris va texnik direktori Kris Dadfild bilan onlayn muloqot o‘tkazdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

30 yillik tajribaga ega bo‘lgan Intelligent Energy vodorod energiyasini ishlab chiqarish va sotish, shuningdek, ushbu tizim bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga ixtisoslashgan yetakchi muhandislik kompaniyasi hisoblanadi.

Onlayn suhbat chog‘ida Britaniya vakillariga O‘zbekistonda “yashil” energetikani rivojlantirish doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar, jumladan, “yashil” vodorod ishlab chiqarish bo‘yicha tashabbuslar haqida ma’lumot berildi. Ushbu yo‘nalish mamlakatning amaldagi energetika strategiyasida ustuvor ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

O‘z navbatida, Intelligent Energy vakillari kompaniya faoliyati va vodoroddan yoqilg‘i sifatida foydalanishning afzalliklari yuzasidan to‘xtalib o‘tdi. Ta’kidlanishicha, kompaniya mahsulotlari hozirda dunyo bo‘ylab avtomobilsozlik, yuk tashish, dronlar, telekommunikatsiya hamda elektr energiyasi ishlab chiqarish kabi sohalarda keng qo‘llanmoqda.

Muzokaralar davomida tomonlar ilg‘or vodorod yechimlariga asoslangan qo‘shma “yashil” loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdi. Kompaniya vakillari O‘zbekiston bilan vodorod texnologiyalari va yoqilg‘i elementlarini ishlab chiqish sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.

Mavzuga oid