Jamiyat | 08:36 / 19.11.2025
10019
2 daqiqa o‘qiladi

Angrenda zo‘ravonlikka uchragan qiz bo‘yicha jinoyat ishi sudda ko‘rilmoqda

Angren shahrida joriy yil iyul oyida zo‘ravonlik jinoyati qurboni bo‘lgan voyaga yetmagan qizga nisbatan sodir etilgan jinoyat ishi bo‘yicha sud muhokamasi boshlandi. Bolalar ombudsmani qizning sog‘ligi va ruhiy holatini o‘rganish hamda uning manfaatlarini himoya qilish maqsadida ishni o‘z nazoratiga olgan.

Foto: Bolalar ombudsmani

Bolalar ombudsmani joriy yilning iyul oyida Angren shahrida zo‘ravonlik jinoyati qurboni bo‘lgan, hozirda Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazida davolanayotgan voyaga yetmagan qizning sog‘ligi va psixologik holatini o‘rganish maqsadida shifoxonaga tashrif buyurdi.

Ombudsmanning qiz bilan suhbati davomida u o‘zining salomatlik holati, ota-onasi va oila a’zolariga nisbatan emotsional munosabati, ishonchi, shuningdek, davolanish tugagandan keyin qayerda va qaysi oila a’zosi bilan yashashni istashi haqida fikr bildirdi.

Shifokorlar ma’lumotga ko‘ra, tibbiy xodimlarning mas’uliyatli mehnati, qizga ko‘rsatilayotgan e’tibor, mehr va g‘amxo‘rlik tufayli uning sog‘lig‘i yaxshilangan, tana vazni oshgan va umumiy ahvoli barqarorlashgan.

Bolalar ombudsmani so‘roviga binoan Milliy gvardiya huzuridagi Bolalar psixologiyasi markazidan malakali psixolog jalb qilingan. Psixolog tomonidan qizning ruhiy holati bo‘yicha muntazam muolajalar olib borilmoqda. Xulosaga ko‘ra, unda ruhiy holatda ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda, u bosqichma-bosqich posttravmatik holatdan chiqib bormoqda.

Shu bilan birga, qizning tibbiy davolanishi davom etayotgani, bir vaqtning o‘zida ruhiy posttravmatik tiklanish bosqichida ekani inobatga olinib, uning holatini barqarorlashtirish va yana qayta travmatizatsiyaning oldini olish maqsadida davolanish tugagach, uni neytral va xavfsiz oilaviy muhitga joylashtirish maqsadga muvofiq ekani ta’kidlanmoqda.

Ma’lum qilinishicha, qizga nisbatan sodir etilgan jinoyat bo‘yicha tergov harakatlari yakunlangan, jinoyat ishi materiallari sudga yuborilgan va hozirda sud muhokamasi bosqichida.

Bolaning eng ustuvor manfaatlarini ta’minlash maqsadida Bolalar ombudsmani mazkur jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayonida ishtirok etadi. Shuningdek, davolanish yakunlanganidan so‘ng voyaga yetmagan qizni xavfsiz oilaviy muhitga joylashtirish choralarining amalga oshirilishi ustidan kuzatuvni davom ettiradi.

Mavzuga oid