Jahon | 23:27 / 19.11.2025
13214
2 daqiqa o‘qiladi

Putin umr ko‘rish davomiyligi 150 yil bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi

Rossiya prezidenti mamlakat o‘z oldiga o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini oshirish bo‘yicha aniq maqsadlarni qo‘yganini, balki 150 yilga ham yetkazish mumkin bo‘lishini aytdi.

Foto: RIA Novosti

Umr ko‘rish davomiyligi 150 yil bo‘lishi mumkin, ammo bu ham har doim kam bo‘ladi, dedi Rossiya prezidenti Vladimir Putin. Bu haqda RIA xabar berdi.

«Sun’iy intellekt olamiga sayohat» konferensiyasi davomida u bir vaqtlar inson 20, 30, 35 yil yashagani va bu normal holat hisoblanganini aytdi. Keyinchalik ayrim mamlakatlarda va umuman sayyoramizda o‘rtacha yosh 35, 45, 50 yoshgacha ko‘tarila boshladi.

«Hozir ba’zi mamlakatlarda 80 yoshga yetdi va biz ham o‘rtacha yosh shuncha bo‘lishiga harakat qilyapmiz. U yerda ayollarda biroz ko‘proq, erkaklarda esa kamroq. Biz hatto o‘z oldimizga o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini oshirish bo‘yicha aniq maqsadlarni qo‘yamiz. Va hammasini to‘g‘ri qilyapmiz. Balki 150 yilga ham yetkazish mumkindir. Lekin, birinchidan, bu xuddi pul kabi hamisha kam bo‘ladi. Har doim», dedi Putin.

«Menimcha asosiy masala qancha yil yashash emas, asosiy masala qanday, nega va nima maqsadda yashash ekanida. Bu savollarga esa bizning an’anaviy qadriyatlarimiz javob beradi», deb qo‘shimcha qildi Rossiya prezidenti.

Shu yil sentabr oyida Xitoy raisi Si Jinping va Rossiya prezidenti Vladimir Putin Pekinda Ikkinchi jahon urushi tugaganining 80 yilligiga bag‘ishlangan harbiy parad oldidan zamonaviy texnologiyalar yordamida umr ko‘rish davomiyligini uzaytirish imkoniyatlarini muhokama qilgan edi. Jumladan, Si «Bashoratlarga ko‘ra, bu asrda 150 yoshgacha yashash imkoniyati bor», dedi.

Putin 72 yoshda. Uning beshinchi prezidentlik muddati 2030 yilda tugaydi, ammo 2020 yilda Rossiya Konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgartirishlar tufayli u oltinchi prezidentlik muddatiga ega va 2036 yilgacha hokimiyatda qolishi mumkin.

Mavzuga oid