Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Turizm sohasi uchun yangi imtiyozlar va subsidiyalar e’lon qilindi
Turistik startaplarga 1 mlrd so‘mgacha subsidiya ajratiladi. Mehmonxonalarga “yashil” sertifikat olish xarajatlarining yarmini davlat qoplab beradi. Xalqaro tadbirlar o‘tkazib, kamida 100 nafar chet ellik sayyohni olib kelgan kompaniyalarga tadbirlar uchun to‘langan QQSning yarmi qaytarib beriladi. Turistik maqsadda import qilingan avtobus, mikroavtobus va ekstremal sayyohat mashinalari bojdan ozod etiladi. Eng nufuzli brendlar bilan kelishgan holda mehmonxona qurayotgan tadbirkorlar ham bojxona imtiyozlarini oladi.
Foto: Kun.uz
Prezident qarori bilan, turizmni rivojlantirish bo‘yicha yangi choralar belgilandi.
2026 yil 1 martdan boshlab, Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan:
- turistik startaplarni – yangi turdagi turizm xizmatlarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi, biroq 1 mlrd so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda har yili eng yaxshi 10 tagacha loyihalarga subsidiyalar ajratiladi;
- mehmonxonalarning “yashil” sertifikatlarni olish bilan bog‘liq xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi (xalqaro e’tirof etilgan sertifikatlar ro‘yxatini Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydi);
- 2026 yil 1 apreldan boshlab xalqaro konferensiyalar va tadbirlarni (MICE turizm) tashkil qilib, unga kamida 100 nafar chet ellik turistni jalb qilgan tadbirkorlik sub’yektlariga ushbu tadbirlarni tashkil qilishda ular tomonidan to‘langan QQS summalarining 50 foizini qaytarish tartibi joriy etiladi.
2027 yil 1 yanvarga qadar, tegishli tartibga rioya qilgan holda:
- turizm sohasi sub’yektlari tomonidan import qilinadigan avtobus, elektrobus va mikroavtobuslar bojxona bojidan ozod etiladi; avtobus, elektrobus va mikroavtobuslarning sonidan qat’i nazar, ularga bitta sertifikat berishga ruxsat beriladi;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasida ro‘yxatga olinib, litsenziyaga ega turoperatorlarga, istisno tariqasida, ekstremal turlarni tashkil qilish uchun dvigatel hajmi 2,4 litrdan kam bo‘lmagan yuqori o‘tish qobiliyatiga ega transport vositalari import qilinayotganda bojxona boji va utilizatsiya yig‘imini amaldagi stavkaning 25 foizi miqdorida 3 yil muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat etiladi.
2030 yil 1 yanvarga qadar “Brand Finance” kompaniyasining top-50 talik reytingiga kiruvchi brendni jalb qilgan holda brend bilan dastlabki kelishuvlarga ega mehmonxona qurilishini boshlagan tadbirkorlik sub’yektlari mehmonxonani qurish va jihozlashda mazkur brendning talabiga muvofiq olib keladigan asbob-uskunalar, texnika, transport vositalari, mebel va inventarlar uchun bojxona bojini to‘lashdan ozod etiladi.
Turizm qo‘mitasi, shuningdek, O‘zbekistonda o‘z filmlarini yaratishda xorijiy kinokompaniyalarga xarajatlarning bir qismini qaytarishni (Rebate) muvofiqlashtiruvchi mas’ul davlat organi deb belgilandi. Bunda, xorijiy kinokompaniyalarning xarajatlari:
- 3 milliard so‘mgacha bo‘lsa – 10 foiz;
- 3 milliard so‘mdan 5 milliard so‘mgacha bo‘lsa – 15 foiz;
- 5 milliard so‘mdan 10 milliard so‘mgacha bo‘lsa – 20 foiz;
- 10 milliard so‘mdan ortiq bo‘lsa – 25 foiz, biroq bitta film uchun 4 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.
2026 yil 1 martdan boshlab, nufuzli xorijiy kinokompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkazgan holda, Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan filmlarning bevosita yoki bilvosita O‘zbekiston Respublikasi turistik jozibadorligi, tarixiy-madaniy merosi va boshqa muhim ijobiy jihatlarini namoyish qiluvchi qismini (epizodini) yaratganlik (shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi hududida, o‘z pavilonlarida yoki kompyuter grafikasi yordamida) uchun haq to‘lash tartibi joriy etiladi.
Mavzuga oid
09:50 / 04.12.2025
O‘zbekiston Goa bilan turizm sohasida qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘ymoqda
16:06 / 27.11.2025
O‘zbekistonda turizm orqali 19 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi
14:30 / 26.11.2025
Keksalar uchun turizm oyligi: O‘zbekistonda mehmonxona, transport va muzeylar uchun chegirmalar berilmoqda
18:02 / 25.11.2025