Prezident qarori bilan, turizmni rivojlantirish bo‘yicha yangi choralar belgilandi.
2026 yil 1 iyuldan boshlab, aholi tomonidan dala hovlilarini ijaraga berish – Soliq mobil ilovasi orqali “men bilan birga” shaklida bir nafar shaxs nomiga birga dam oluvchilar sonini ko‘rsatgan holda soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirish orqali amalga oshiriladi.
Shuningdek, 2026 yil 1 iyuldan boshlab milliy turizm yagona platformasi va uning mobil ilovasi ishga tushiriladi va u orqali:
- mulkchilik shaklidan qat’i nazar transportning barcha turlari integratsiya qilingan holda sayohat yo‘nalishini tuzish, eng maqbul yo‘nalish va transport turini tanlash, chiptalarni onlayn band qilish va sotib olish imkoniyati yaratiladi;
- chipta xo‘jaligi joriy qilingan barcha turizm obektlari, shu jumladan, muzeylar, madaniy meros obektlari, madaniyat, ko‘ngilochar va dam olish obektlariga biletlarni onlayn sotib olish imkoniyatiga ega yagona chipta tizimi joriy qilinadi;
- ekskursiyalar o‘tkazish uchun interaktiv xaritalar, planshetlar, audioyordamchi, videoyordamchi hamda onlayn translatsiyalar vositasida turistik obektlar haqida axborot berish imkonini beruvchi raqamli gid tizimi ishga tushiriladi;
- joylashtirish vositalari tomonidan xorijiy va mahalliy turistlardan undiriladigan turistik (mehmonxona) yig‘im billing tizimi orqali avtomatik tarzda to‘g‘ridan to‘g‘ri Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga o‘tkaziladi.
2026 yil yakuniga qadar sun’iy intellekt va katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish tizimi joriy etiladi. Bu tizim “Xavfsiz shahar” apparat-dasturiy kompleksi bilan integratsiya qilinadi. Sun’iy intellekt bilan ishlovchi bu tizim orqali respublika hududlariga turistlar oqimlari (toifalarga qarab) va ularning xohishlari tahlil qilinadi, personallashtirilgan marshrutlar va takliflar ishlab chiqiladi.











