Jahon | 15:45 / 20.11.2025
2188
4 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Oliy Radasi adliya va energetika vazirlarini iste’foga chiqardi

Ukraina Oliy Radasi Adliya va Energetika vazirliklari rahbarlari - German Galushchenko va Svetlana Grinchuk iste’fosini ma’qulladi. Ularning bo‘shatilishi «Energoatom»dagi korrupsiya mojarosi fonda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tomonidan talab qilingan edi.

Foto: Reuters

Ukraina Oliy Radasi chorshanba, 19 noyabr kuni «Energoatom» davlat korxonasi atrofidagi korrupsiya mojarosi fonida adliya vaziri German Galushchenko va energetika vaziri Svetlana Grinchukni iste’foga chiqarish uchun ovoz berdi.

«RBK-Ukraina» xabariga ko‘ra, Galushchenkoni ishdan bo‘shatish masalasi bo‘yicha ovoz berish paytida majlisda 338 deputat hozir bo‘lgan: ulardan 323 nafar deputat ijobiy ovoz berdi, 15 nafar deputat ovoz berishda qatnashmadi. Grinchuk bo‘yicha qaror qabul qilish chog‘ida 336 deputatdan 315 nafari uning iste’fosini qo‘llab-quvvatladi. Vazirlarning o‘zi majlisda bo‘lmagan. Adliya vazirligi rahbarining vazifasini uning o‘rinbosari, Yevropa integratsiyasi masalalari uchun javobgar Lyudmila Sugak vaqtincha bajaradi. Grinchukning o‘rnini kim egallashi hozircha ma’lum emas.

Adliya va energetika vazirlarini ishdan bo‘shatishni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 12 noyabr kuni talab qilgan edi. Davlat rahbarining ta’kidlashicha, ular «korrupsiya bo‘yicha tergov fonida lavozimida qolishi mumkin emas»: «Bu, jumladan, ishonch masalasidir. Agar ayblovlar bo‘lsa, ularga javob berish kerak», — degan edi Zelenskiy.

Galushchenko va Grinchuk o‘sha kuniyoq iste’fo haqida ariza yozgan. Oliy Rada vazirlar bo‘yicha qarorni 18 noyabr kuni qabul qilishni rejalashtirgan edi. Biroq buni amalga oshirishning iloji bo‘lmadi, chunki parlament majlisida muxolifatdagi «Yevropeyskaya solidarnost» fraksiyasi minbarni bloklab, faqat ikki vazirgina emas, balki Yuliya Sviridenko hukumatining butun tarkibini iste’foga chiqarishni talab qildi.

Ukraina Milliy antikorrupsiya byurosi (NABU) va Maxsus antikorrupsiya prokuraturasi (SAP) davlatga qarashli «Energoatom» kompaniyasida yirik korrupsiya sxemasi fosh etilgani haqida xabar bergandi.

10 noyabr kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlar kompaniyada, shuningdek Adliya vazirligida ishlashidan oldin Energetika vazirligini boshqargan German Galushchenko va Zelenskiyning ko‘p yillik hamkori, «Kvartal 95» studiyasi egalaridan biri Timur Mindich uylarida tintuv o‘tkazgan. Mindich tintuvlardan bir necha soat oldin mamlakatdan chiqib ketgani aytilgan.

NABU bayonotiga ko‘ra, «jinoiy tashkilot faoliyatining asosiy yo‘nalishi “Energoatom” kontragentlaridan shartnomalar qiymatining 10–15 foizi miqdorida tizimli ravishda noqonuniy daromad olish bo‘lgan. Jumladan, “Energoatom” kontragentlariga ko‘rsatilgan xizmatlar/yetkazib berilgan mahsulot uchun to‘lovlarni to‘sib qo‘ymaslik yoki ularni yetkazib beruvchi maqomidan mahrum etmaslik evaziga otkat to‘lash sharti qo‘yilgan», — deya yozadi tashkilot.

11 noyabr kuni «Energoatom» kuzatuv kengashi navbatdan tashqari majlis o‘tkazdi. Shundan so‘ng bosh vazir Yuliya Sviridenko hukumatning kompaniya kuzatuv kengashining amaldagi tarkibini muddatidan oldin vazifasidan ozod etish qarorini qabul qilganini bildirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid