O‘zbekiston | 08:48 / 20.11.2025
1353
2 daqiqa o‘qiladi

Yagona ekologik onlayn platforma faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

Prezidentning 2025 yil 18 noyabrdagi qaroriga muvofiq, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi faoliyati qayta tashkil etilmoqda. Unga ko‘ra, “Ekologik monitoring milliy markazi” tashkil etiladi va 2026 yil 1 sentabrga qadar Yagona ekologik onlayn platforma ishga tushiriladi.

Foto: Shutterstock

“O‘zbekiston Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori (PQ–343-son, 18.11.2025 y.) qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, Ekologiya qo‘mitasining “Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida ixtisoslashtirilgan tahliliy nazorat markazi” davlat muassasasi negizida “Ekologik monitoring milliy markazi” davlat muassasasi tashkil etiladi.

Ekologiya qo‘mitasi o‘z faoliyatida bevosita O‘zbekiston Respublikasi prezidentiga hisobdor hisoblanadi.

Shu bilan birga, Qo‘mita o‘z faoliyatini har qanday davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi. Qo‘mita faoliyatiga mansabdor shaxslar tomonidan aralashuvga yo‘l qo‘yilmaydi.

Hujjatga ko‘ra, 2026 yil 1 sentabrga qadar Yagona ekologik onlayn platforma faoliyati yo‘lga qo‘yilishi belgilangan. U orqali atrof-muhit holati, monitoring natijalari va boshqa ekologik ma’lumotlar yagona tizimda yuritilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, 2026 yil 1 martdan boshlab belgilangan muddatda fon monitoring stansiyalarini o‘rnatmagan va ularni Ekologiya qo‘mitasining Ekologik monitoring milliy markaziga integratsiya qilmagan I va II toifadagi korxonalarga nisbatan kompensatsiya to‘lovlari 5 baravarga oshirilgan holda qo‘llanadi.

Rasmiylar ta’kidlashicha, mazkur chora-tadbirlar ekologik nazoratni kuchaytirish, korxonalarning atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha majburiyatlarini qat’iylashtirish va ekologik axborotning ochiqligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid