Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Putin ilk marta Trampning tinchlik rejasiga munosabat bildirdi
Uning ta’kidlashicha, Rossiya AQSh tinchlik rejasi matnini olgan, biroq u Rossiya tomoni bilan «batafsil» muhokama qilinmagan.
Foto: kremlin.ru
Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati tomonidan taqdim etilgan tinchlik rejasi Rossiya-Ukraina urushini tinch yo‘l bilan hal qilish uchun asos bo‘lishi mumkinligini aytdi. Bu haqda u 21 noyabr kuni Rossiya Xavfsizlik kengashida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi.
Putinning ta’kidlashicha, Rossiya AQSh tinchlik rejasi matnini olgan, biroq u Rossiya tomoni bilan «batafsil» muhokama qilinmagan. Uning fikricha, buning sababi – Ukraina hozircha bu takliflarga rozilik bermagani.
«Biz Alyaskadagi muzokaralardan so‘ng Amerika tomonida ma’lum bir tanaffus bo‘lganini ko‘rishimiz mumkin. Va biz bilamizki, bu Ukrainaning prezident Tramp taklif qilgan tinchlik rejasidan amalda voz kechishi bilan bog‘liq. O‘ylaymanki, shuning uchun uning yangi tahriri, ya’ni 28 banddan iborat modernizatsiya qilingan rejasi paydo bo‘ldi», dedi Putin.
«Bizda bu matn bor. Biz uni Amerika ma’muriyati bilan mavjud aloqa kanallari orqali oldik. O‘ylaymanki, u yakuniy tinchlik kelishuviga asos bo‘lishi mumkin. Ammo bu matn mavzu jihatidan, mazmunan biz bilan muhokama qilinmadi. Sababini taxmin qilishim mumkin. Menimcha, buning sababi avvalgidek – AQSh ma’muriyati hali ham Ukraina tomonining roziligini ololmayapti. Ukraina qarshi», dedi Rossiya yetakchisi.
«Aftidan, Ukraina va uning Yevropadagi ittifoqchilari hali ham sarobda va Rossiyani jang maydonida strategik mag‘lub etishni orzu qilmoqda. O‘ylaymanki, bunday pozitsiyaning asosida kompetensiyaning past darajasi emas (hozir masalaning bu tomonini muhokama qilmayman), balki, ehtimol, bu pozitsiya jang maydonidagi haqiqiy vaziyat haqida obektiv ma’lumotlarning yo‘qligi bilan bog‘liq», dedi Putin.
Avvalroq, Axios nashri Donald Tramp ma’muriyatining Ukrainadagi urushni to‘xtatish rejasini e’lon qildi. Nashr hujjatni qoralama variant deb atagan, shu bilan birga, uning haqiqiyligini Ukraina va AQSh rasmiylari tasdiqlagan. Hujjat 28 banddan iborat va Ukrainadan bir qator yon berishlarni talab qiladi.
Yevroittifoq mamlakatlari Ukraina mojarosini hal qilish bo‘yicha AQSh ilgari surayotgan rejaga qarshi chiqmoqda. Chunki unda hududiy yon berishlar va Ukrainaning qisman qurolsizlanishi ko‘zda tutilgan.
O‘z navbatida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Vashington bilan AQSh ma’muriyatining yangi tinchlik rejasi ustida ishlashga tayyorligini bildirdi.