O‘zbekiston | 22:24 / 21.11.2025
7692
5 daqiqa o‘qiladi

«Shajara» axborot tizimi va puli to‘lanmagan Cobalt shartnomalari – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

«Shajara» axborot tizimi yo‘lga qo‘yiladi

Shavkat Mirziyoyev intellektual mulk, arxiv ishi va yuridik ta’lim sohalarini isloh qilishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishar ekan, intellektual mulkni rivojlantirish milliy strategiyasini ishlab chiqish, arxivlarni 2030 yilgacha keng ko‘lamda raqamlashtirish va bu yo‘nalishlarda zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab berdi.

Taqdimotda «Shajara» axborot tizimini yo‘lga qo‘yish taklifi bildirildi. Yangi xizmat foydalanuvchilarga o‘z shajarasini yaratish, tug‘ilish, nikoh va o‘lim haqidagi ma’lumotlarni, genetik ma’lumotlar asosida uzoq qarindoshlarini izlash imkonini yaratadi.

Cobalt uchun olingan har beshta shartnomaning faqat bittasiga to‘lov amalga oshirildi

UzAuto Motors 3 noyabr kuni 100 ming dona Cobalt’ni sotuvga chiqargandi. Shartnoma shartlariga muvofiq, 7 kun ichida to‘lov amalga oshirilmagan shartnomalar bekor qilindi. Kompaniyaning ma’lum qilishicha, belgilangan muddatda 20 ming 833 donasi, ya’ni har beshta shartnomaning bittasi uchun to‘lov amalga oshirilgan.

UzAuto Motors buni ko‘plab shartnomalarning aslida «avtomobilga bo‘lgan haqiqiy ehtiyojsiz» rasmiylashtirilgani bilan izohladi.

Endi to‘lov muddati tugagan Cobalt avtomobillari rasmiy dilerlar salonida sotiladi.

2026 yildan «Yoshlar daftari» yordami yangi qoida va shartlar asosida amalga oshiriladi

«Yoshlar daftari» jamg‘armalari orqali ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilindi. Hujjatda yoshlarni qo‘llab-quvvatlashda moddiy yordam bilan birga, ularning ta’lim olishi, shaxsiy rivojlanishi va jamiyatdagi faolligini kuchaytirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab qo‘yildi.

Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 fevraldan «Yoshlar daftari» jamg‘armalari orqali ijtimoiy yordam kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oiladagi yoshlarga ijtimoiy shartnoma asosida, o‘qish, natija va faollikka bog‘langan holda taqdim etiladi.

Toshkent havosidagi changni kamaytirish uchun yo‘llarga suv sepish bo‘yicha maxsus rejim joriy etildi

Toshkent shahar hokimligi poytaxtda havo ifloslanishi va changlanish darajasi oshgan sharoitda yo‘l qoplamasiga suv sepish, yashil hududlarni sug‘orish hamda favvoralar va mikroiqlim qurilmalarini ishga tushirish bo‘yicha maxsus rejim joriy etdi. Choralar havodagi mayda chang zarrachalari miqdorini qisqa muddatda kamaytirishga qaratilgan.

Toshkent shahar hokimligi axborotiga ko‘ra, shahar muhitining yuqori changlanishi sharoitida eng tezkor va samarali choralardan biri sifatida yo‘l qoplamasi va unga tutash hududlarni namlash amaliyoti kuchaytirildi. Ta’kidlanishicha, bu usul ilmiy asosga ega bo‘lib, dunyoning qator yirik shaharlarida ham atmosfera havosi ifloslanishi avj olgan davrlarda qo‘llanadi.

Kafe va restoranlarda qo‘shimcha undirilayotgan 15-20 foiz majburiy xizmat haqi qonunga xilof – Raqobat qo‘mitasi

Raqobat qo‘mitasiga umumiy ovqatlanish korxonalari faoliyati bo‘yicha iste’molchilardan kelib tushayotgan murojaatlarda ayrim restoran va kafelarda taomlar narxidan tashqari 10–15 foiz, ba’zan esa 20 foizgacha xizmat haqi qo‘shimcha to‘lov sifatida undirilayotgani hamda avvaldan depozit mablag‘lar talab qilinayotgani haqida fikrlar bildirilgan.

Raqobat qo‘mitasi umumiy ovqatlanish sohasidagi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarni qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga undashga yo‘l qo‘ymasligi, ya’ni umumiy ovqatlanish korxonalari turlaridan kelib chiqib iste’molchilarning o‘z-o‘ziga xizmat qilish imkoniyatini yaratish, taomlar narxi, xizmat ko‘rsatish tartibi va ular bilan bog‘liq shartlar, shu jumladan ofitsiant xizmati uchun haq miqdori haqidagi ma’lumotlar bilan o‘z vaqtida to‘liq tanishtirib o‘tishi lozimligi borasida ogohlantirdi.

Mavzuga oid