Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatish bilan tahdid qilmoqda
Agar Ukraina urushni tugatish bo‘yicha Donald Trampning "tinchlik rejasi"ga 27 noyabrgacha rozilik bildirmasa, Vashington Kiyevga razvedka ma’lumotlari va qurol-yarog‘ yetkazib berishni to‘xtatishi mumkin, deb yozadi Reuters.
Foto: REUTERS
AQSh Ukrainaga urushni tartibga solishga oid, Vashington tomonidan ishlab chiqilgan rejani ma’qullatishga majburlash maqsadida, Kiyevga razvedka ma’lumotlari va qurol-yarog‘ yetkazib berishni to‘xtatish bilan tahdid qilmoqda. Bu haqda Reuters agentligi juma kuni, 21 noyabrda, vaziyatdan xabardor bo‘lgan ikki manbaga tayanib xabar berdi.
Manbalar ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar Ukraina rahbariyatining 27 noyabrgacha kelishuvni imzolashini xohlamoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Vashington Kiyevga oldingi barcha tinchlik muzokaralariga nisbatan ancha kuchliroq bosim o‘tkazmoqda. «Ular (AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati — tah.) urushni tugatishni istaydi va buning uchun haqni Ukraina to‘lashini xohlaydi», — deydi agentlik manbalaridan biri.
Rossiya hozircha Amerika tomonidan biror hujjat olmagan, deb ma’lum qildi RF prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov. «Biz ehtimoliy modifikatsiyalar mavjudligi haqida bilamiz, lekin rasmiy ravishda hech narsa olganimizni yo‘q… Hozirgi paytda mazmunan hech narsa muhokama qilinmayapti», — dedi Peskov brifingda. «Biz muloqotga ochiqmiz», — deb qo‘shimcha qildi u.
Shu bilan birga, Kreml Ukrainani Trampning "tinchlik rejasi" bo‘yicha qaror qabul qilishni cho‘zmaslik haqida ogohlantirdi. Rossiya armiyasining o‘t ochishi va uchuvchisiz uchish apparatlarini qo‘llashi Ukraina rahbariyatini «kelishib olish va buni hozir qilish yaxshiroq» ekaniga ishontirishi kerak, deya ta’kidladi prezident matbuot kotibi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 20 noyabr kuni Kiyevda tinchlikka erishish yo‘llarini muhokama qilish maqsadida AQShning yuqori martabali harbiylari delegatsiyasini qabul qildi. Ukrainadagi AQSh elchisi va uni hamrohlik qilgan armiya matbuot kotibi uchrashuvni muvaffaqiyatli deb atadi.
AQSh taklif etgan "tinchlik rejasi" hozirgacha ommaga rasman e’lon qilinmagan, biroq qator OAV loyiha matnidan parchalarni e’lon qilgan. Kutilishicha, Ukraina Rossiyaga hududiy imtiyozlar berishi va o‘z armiyasini qisqartirishi kerak bo‘ladi. Qo‘shma Shtatlar va Yevropa esa Ukrainani tiklashni moliyalashtirish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi, Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar bosqichma-bosqich bekor qilinadi, Moskva va Vashington esa uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlik haqida kelishuv imzolaydi. Axios ma’lumotlariga ko‘ra, reja Kiyev uchun xavfsizlik kafolatlarini nazarda tutadi, unga muvofiq AQSh va yevropalik ittifoqchilar Ukrainaga qilingan har qanday hujumni butun "transatlantik hamjamiyat"ga qilingan hujum sifatida ko‘rib chiqishi lozim bo‘ladi.
Yevropa Ittifoqi Qo‘shma Shtatlar rejasiga ehtiyotkor munosabatda bo‘ldi. Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya va Ukraina rahbarlari «o‘zaro tushunishga erishish uchun boshlang‘ich nuqta» sifatida «front chizig‘i»ni qabul qilish lozim, deb hisoblaydi, shu bilan birga Ukraina armiyasi mamlakat suverenitetini samarali himoya qilish qobiliyatini saqlab qolishi kerakligini ta’kidlaydi.
O‘z navbatida, Kiyev Trampning tinchlik rejasini muhokama qilishga tayyor, biroq Ukraina hududiy suverenitetini savdo obektiga aylantirish niyatida emas, shuningdek ittifoqchilarni tanlash va qurolli kuchlar soni hamda salohiyatiga doir cheklovlarga rozi bo‘lmasligini bildirmoqda.
Mavzuga oid
16:15
Mersga Kremldan "hujum": AQShning Ukraina bo‘yicha roli atrofida bahs kuchaymoqda
15:44
AQSh YeI davlatlarini Kiyevga Rossiya aktivlari hisobidan kredit bermaslikka chaqirdi
15:10
AQSh NATOdagi majburiyatlarning asosiy qismini Yevropaga o‘tkazmoqchi
13:54