Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkent-London-Toshkent yo‘nalishidagi reys texnik nosozlik sabab kechikmoqda
“Uzbekistan Airways”ning Toshkent-London-Toshkent reysi yoqilg‘i to‘ldirish sababi bilan Frankfurt aeroportiga qo‘ngan. Kun.uz'ga murojaat qilgan yo‘lovchilarga ko‘ra, ular tranzit zonaga o‘tkazilib, 4 soat ushlab turilgan. “Dippasport va Shengen vizasi bo‘lganlarni olib, ertalabki London reysi bilan jo‘natishdi”, – deydi hali ham aeroportda qolgan yo‘lovchilardan biri. Hozirda reys bo‘yicha ma’lumot yangilangan, ammo murojaatchilar bu parvoz ham bekor qilinganini aytishmoqda.
Foto: Videodan kadr
Kun.uz’ga 21-22 noyabr kunlari “Uzbekistan Airways”ning Toshkent-London-Toshkent yo‘nalishidagi parvozlar oxiriga yetmay, kechikkani yuzasidan murojaat kelib tushdi.
21 noyabr kuni Toshkentdan Londonga uchayotgan yo‘lovchilardan birining yozishicha, ular Frankfurtda mahalliy vaqt bilan 17:00da qo‘nishga majbur bo‘lishgan. Aviakompaniya vakillari bunga yoqilg‘i quyish sabab bo‘lganini aytgan.
“Keyin esa bir soat ichida uchib ketamiz deyishdi. Yo‘lovchilarni tranzit zonasiga olib ketishdi va soat 21:00 gacha u yerda hech qanday e’lon bermasdan ushlab turishdi. Reysda ko‘plab bolalar va qariyalar bor edi.
Bizning noroziligimizdan so‘ng, Lufthansa reysiga o‘tkazishga harakat qilishlarini aytishdi. Lekin, albatta, hech kimni bortga olishmadi, xuddi ular bu holatga birinchi marta shunday duch kelgandek taassurot qoldirishdi.
Dippasport va Shengen vizasi bo‘lganlarni olib, mehmonxonaga joylashtirishdi, tunda ularga elektron chiptalar berib, ertalabki London reysi bilan Lufthansa orqali jo‘natishdi. Ko‘plab Shengen vizasi yo‘q yo‘lovchilar esa [keyinroq] 01:40 da mehmonxonaga joylashdi. Bizga hech qanday aniq ma’lumot berishmadi, vaqtni cho‘zishdi”, – deydi yo‘lovchi.
O‘zbekiston havo yo‘llari 2 tomonlama reys haqiqatan ham kechikkanini ma’lum qilgan. Qayd etilishicha, Frankfurt aeroportida amalga oshirilgan rejasiz qo‘nish sababli HY201/202 reyslarining keyingi uchish vaqti, texnik sabablarga ko‘ra, 22 noyabr sanasiga ko‘chirilgan.
Shunga asosan mahalliy vaqtlar bilan parvoz quyidagicha belgilangan:
- Frankfurt shahridan uchib ketish – 15:00
- Londonga yetib kelish – 15:25
- Londondan uchib ketish – 17:00
- Toshkentga yetib kelish – 04:55 (23 noyabr)
Yana bir yo‘lovchi esa yangilangan parvoz vaqti ham bekor qilinganini, aviakompaniya terminalda qolganlarga aloqaga chiqmayotganini aytmoqda.
“Biz Tashkent–Heathrow [Londondagi aeroport nomi] reysi orqali 21 noyabr kuni uchib kelishimiz kerak edi, lekin yoqilg‘i yetishmasligi deb aldab 1 kundan beri hech qanday xabarsiz terminalda ushlab turishibdi.
Qachon uchishimiz ham noma’lum, 1-2 kun ham bo‘lishi mumkin ekan. Odamlar Londondagi hamma olmipiada musobaqalarini, sayohatlarini bekor qilishdi. Shu reys bilan juda muammo bo‘lyapti. Hamma yozganlari yolg‘on. Kechasi soat 02:30 gacha aeroportda olib yurib oxiri zo‘rg‘a hotelga joylashtirishdm. Bugunam bergan vaqtini bekor qildi. Umuman vakillari aloqaga chiqmayapti”, – deydi u.
Kun.uz’ga Frankfurt aeroportida bo‘lib turgan yo‘lovchilar video ham yo‘llashgan. Unda aviakompaniyadagilar bilan muloqot davom etayotgani, reys bo‘yicha bir qarorga kelinmay, turli variantlar ko‘rib chiqilayotgani aytiladi.
Mavzuga oid
18:39 / 29.11.2025
UzAirways Airbus A320/321 samolyotlarining dasturiy ta’minotini o‘zgartirdi
09:50 / 24.11.2025
Zaha Hadid Architecs O‘zbekistondagi loyihalarni kengaytirishi mumkin
21:53 / 19.11.2025
Londonlik cho‘ntakkesarlar iPhone’dan boshqa telefonlarni egasiga qaytarmoqda
17:00 / 13.11.2025