Jahon | 22:23 / 23.11.2025
3593
3 daqiqa o‘qiladi

Migrant bolalarning 80 foizi Rossiya maktablariga qabul qilinmadi

Ular kerakli hujjatlar to‘plamini taqdim etmagani va rus tili imtihonidan o‘tolmagani ta’kidlanmoqda.

Foto: Izvestiya

Migrantlar bolalarining atigi 19 foizi Rossiya maktablariga kira oldi, dedi «Rosobrnadzor» rahbari Anzor Muzayev. Uning aniqlik kiritishicha, gap kerakli hujjatlar to‘plamini taqdim etgan va rus tilidan imtihon topshirganlar haqida ketmoqda. Bu haqda RIA xabar berdi.

Qayd qilinishicha, 2,5 oy ichida Rossiya maktablariga qabul qilingan voyaga yetmagan chet elliklar soni 6,4 foizga oshdi. Avvalroq «Rosobrnadzor» apreldan avgustgacha 23616 nafar bolaning ota-onasi ta’lim olish uchun ariza topshirgani haqida xabar bergan edi. Biroq to‘liq hujjatlar to‘plami faqat 8223 nafar bola uchun taqdim etilgan. Natijada, 5940 nafar bola test sinovida ishtirok etib, 2964 nafari yoki umumiy murojaatchilarning 12,6 foizi muvaffaqiyatli o‘tdi.

Ta’kidlanishicha, statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mehmonlar o‘z farzandini o‘qishga berishga intilmaydi. Davlat dumasi Rossiyada yashovchi 638 ming voyaga yetmagan migrantdan atigi 181 mingga yaqini umumiy ta’lim olayotganini ma’lum qildi.

2025 yil 1 apreldan boshlab maktablarga qabul qilishda chet elliklarning farzandlari uchun rus tilini bilish bo‘yicha majburiy imtihon joriy etildi. Muvaffaqiyatli kirish uchun savollarning 90 foiziga to‘g‘ri javob berish kerak. «Rosobrnadzor» testlar har bir sinfdagi bilim darajasini hisobga olgan holda ishlab chiqilganiga ishontirmoqda. Birinchi sinf o‘quvchilarining og‘zaki nutqi, tushunishi va asosiy leksik-grammatik ko‘nikmalari tekshiriladi, ikkinchi sinfdan boshlab topshiriqlarga o‘qish va yozish kiritiladi. Sinovning maqsadi bolaning amaldagi ta’lim dasturlari doirasida rus tilida o‘qish qobiliyatini baholashdan iborat.

Shu bilan birga, bolalarini Rossiya maktablariga bermoqchi bo‘lgan xorijliklarga ham bir qator hujjatlar talab etiladi. Bola ota-onaning qarindoshligi yoki uning manfaatlarini himoya qilish huquqi mavjud bo‘lgan taqdirdagina o‘qishga qabul qilishi mumkin. Bundan tashqari, ular butun oilaning Rossiyada bo‘lishi qonuniyligi to‘g‘risidagi hujjatlarni, xavfli yuqumli kasalliklar yo‘qligi to‘g‘risidagi tibbiy ma’lumotnomani va o‘z pasportini taqdim etishi kerak. Barcha nusxalar rus tilida bo‘lishi yoki notarial tasdiqlangan tarjima bilan birga bo‘lishi shart. Hujjatlar to‘liq bo‘lmaganda maktablar arizani ko‘rib chiqmasdan qaytaradi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid