Jahon | 09:17 / 24.11.2025
6909
5 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Ukraina «tinchlik rejasi» bo‘yicha yangi hujjat tayyorladi

Jyenevadagi muzokaralar yakunlariga ko‘ra Kiyev va Vashington Ukrainada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha yangilangan va takomillashtirilgan hujjatni tayyorladi. Bu haqda taraflarning qo‘shma bayonotida aytilgan. Hujjatning o‘zi hozircha e’lon qilinmagan.

Foto: Martial Trezzini/Keystone

Ukraina va Amerika Qo‘shma Shtatlari rasmiylari dushanba, 24 noyabrga o‘tar kechasi, ikki mamlakat delegatsiyalarining Jyenevadagi «samarali muzokaralari» natijasida Ukrainada tinchlikka erishish bo‘yicha yangilangan «hadli hujjat» tayyorlanganini bir paytning o‘zida ma’lum qildi.

Mos qo‘shma bayonot Oq uy va Ukraina prezidenti saytida e’lon qilindi. Unda qayd etilishicha, ikki tomon ham ushbu maslahatlashuvlarni samarali deb topgan. «Tomonlar har qanday kelgusi kelishuv Ukraina suvereniteti to‘liq hurmat qilinishiga hamda barqaror va adolatli tinchlik ta’minlanishiga xizmat qilishi shart ekanini tasdiqladi», — deyiladi bayonot matnida. Hujjatning o‘zi hozircha oshkor etilmagan.

Qo‘shma bayonotga ko‘ra, ikki tomon yaqin kunlarda hujjat ustida jadal ishni davom ettirish va Yevropa bilan yaqin hamkorlik qilishga kelishib olgan.

Bundan bir necha soat oldin AQSh davlat kotibi Marko Rubio Donald Tramp ma’muriyatining qayta ishlangan «tinchlik rejasi» yuqori amalga oshirish salohiyatiga ega ekanini bildirgan edi.

23 noyabr kuni Jyenevada Ukraina delegatsiyasi va uning yevropalik ittifoqchilari vakillari bilan maslahatlashuvlardan so‘ng u jurnalistlarga muzokaralar endilikda keyingi ishlar uchun asos bo‘ladigan «asosiy hujjat» yaratilishiga olib kelganini aytdi. Ukraina delegatsiyasiga rahbarlik qilayotgan prezident apparati rahbari Andrey Yermak ham Shveytsariyadagi amerikalik vakillar bilan muzokaralar samarali o‘tganini ta’kidladi.

«Biz juda oqilona muddat ichida, juda yaqin vaqt ichida maqsadga erishishimizga optimistik qarayapmiz, — dedi Rubio. — Bizga shunchaki bugungidan ko‘ra ko‘proq vaqt kerak, xolos. Men bunga erishishimizga qattiq ishonaman».

Amerikalik siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, Jyenevadagi muzokaralar ishtirokchilari «tinchlik rejasi»ga yana bir qator o‘zgartishlar kiritishdan oldin yana bir nechta masalani hal qilishiga to‘g‘ri keladi. Xususan, u urushni tartibga solishda Yevroittifoq va NATOning roli haqida muhokama yuritish kerak bo‘lishini qo‘shimcha qildi.

Shundan so‘ng hujjatni AQSh va Ukraina prezidentlari darajasida kelishib olish talab etiladi, deya ta’kidladi Rubio va shu munosabat bilan Donald Tramp hamda Volodimir Zelenskiy o‘rtasida yangi muloqot bo‘lishini istisno etmadi. Bundan tashqari, kelgusidagi kelishuvlar bo‘yicha Rossiya tomoni ham o‘z pozitsiyasini bildirishi aytib o‘tildi. «Afsuski, yoki aniqrog‘i, tabiiyki, bu yerda rossiyaliklarning ham so‘z huquqi bor, shunday emasmi», — deb qo‘shimcha qildi u. Hukumatlarning qo‘shma bayonoti matni kelishilgandan so‘ng u darhol Vashingtonga uchib ketdi.

Yevropaning Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga barham berish bo‘yicha AQSh rejasiga taklif qilayotgan o‘zgarishlari Kiyev foydasiga bir qator asosiy bandlarni sezilarli darajada yumshatishni nazarda tutadi, deb xabar bergan edi avvalroq dpa agentligi.

Uning ma’lumotlariga ko‘ra, shuningdek Reuters agentligi o‘z manbalariga tayanib e’lon qilgan Yevropa takliflarida «tinchlik rejasi»da Ukraina hozirda nazoratida bo‘lgan hududlarni Rossiya Federatsiyasiga berishga majbur emas. Bundan tashqari, Rossiya tomoni urush davomida bosib olgan hududlarni de-fakto tan olish ham ko‘zda tutilmagan.

20 noyabr kuni AQSh Ukraina bo‘yicha 28 banddan iborat tinchlik rejasini taqdim etgan edi. Hujjatga ko‘ra, jumladan, Ukraina Donbassdan o‘z qo‘shinlarini to‘liq olib chiqishi, armiyasini sezilarli darajada qisqartirishi, uzoq masofali qurollardan va NATOga a’zo bo‘lish rejasidan voz kechishi kerak bo‘ladi.

Jyenevadagi uchrashuvdan oldin esa Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi navbatdagi postlaridan birida Kiyevning «tinchlik rejasi» birinchi varianti bo‘yicha ko‘rsatgan sa’y-harakatlari uchun yetarlicha minnatdorlik bildirmayotganidan norozilik bildirgan edi. Zelenskiy saytidagi bayonotda esa «Ukraina delegatsiyasi yana bir bor Amerika Qo‘shma Shtatlariga va, xususan, shaxsan prezident Donald J. Trampga minnatdorlik izhor etgani» ta’kidlanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid