Jahon | 10:46 / 24.11.2025
1858
4 daqiqa o‘qiladi

Serb Respublikasida saylovlar: separatistlar nomzodi g‘alaba qozondi

Bosniya va Hersegovina tarkibiga kiradigan Serb Respublikasida bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari saylovlarda vazifasidan chetlatilgan prezident Dodikning ishonchli vakili Sinisha Karan 50 foizdan ortiq ovoz to‘pladi, deb ma’lum qildi mahalliy Markaziy saylov komissiyasi raisi.

Sinisha Karan Foto: Milivoje Pavicic/AP Photo/picture alliance

Bosniya va Hersegovina tarkibidagi Serb Respublikasida o‘tkazilgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarida serb separatistlari nomzodi — sobiq ichki ishlar vaziri Sinisha Karan g‘olib bo‘ldi. U vazifasidan chetlatilgan bosniya serblari yetakchisi Milorad Dodikning ishonchli vakili hisoblanadi. Joriy yil avgust oyi boshida mahalliy Markaziy saylov komissiyasi Dodikni deyarli yigirma yil davomida egallagan Serb Respublikasi prezidenti lavozimidan chetlatgan edi.

«Dastlabki, norasmiy va to‘liq bo‘lmagan natijalarga ko‘ra, Sinisha Karan 50,89 foiz ovoz to‘pladi», — dedi yakshanba, 23 noyabr kuni kechqurun Markaziy saylov komissiyasi raisi Yovan Kalaba. Uning asosiy raqibi, eng yirik muxolifat partiyasi nomzodi Branko Blanush 47,8 foiz ovoz oldi. Rasmiy saylov natijalari hali e’lon qilinmadi, garchi ular mahalliy vaqt bilan soat 23:00 gacha e’lon qilishi rejalashtirilgan edi.

Huddi shu kuni bundan avval Serb Respublikasining davlatdan ajralib chiqishiga harakat qilib kelgan mustaqil sotsial-demokratlar partiyasi (SNSD) raisi Milorad Dodik o‘z ishonchli vakili Sinisha Karanni g‘alaba bilan tabrikladi.

«Bizning siyosatimiz har doim ravshan bo‘lgan, u Serb Respublikasi va uning xalqiga bag‘ishlangan. Men uchun xalqning ko‘pchiligi shunday ovoz bergani — Sinisha Karanni, SNSD'ni va bizning koalitsion hamkorlarimizni qo‘llab-quvvatlagani yoqimli. Shaxsan o‘zim bundan menga berilgan qo‘llab-quvvatlashni ko‘ryapman. Eng murakkab sharoitlarda ular (raqiblar — tahr.) Dodikni ag‘darmoqchi bo‘ldi, ammo endi ular har kuni ko‘radigan ikkita Dodikka ega bo‘ldi», — dedi bosniya serblari yetakchisi partiya shtabidagi brifingda.

23 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarda Serb Respublikasida 1,2 millionga yaqin saylovchi qatnashishi mumkin edi. Saylovlarda g‘olib chiqqan shaxs faqat taxminan bir yil davomida lavozimni egallaydi, chunki 2026 yil oktyabr oyida Bosniya va Hersegovinada umummilliy parlament va prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi.

Milorad Dodik Bosniya va Hersegovina bo‘yicha BMTning Oliy vakili qarorlarini bajarishni taqiqlovchi ikki qonunni kuchga kiritganidan so‘ng Serb Respublikasi prezidenti lavozimidan chetlatilgan. Garchi Dodik qayta saylanish huquqiga ega bo‘lmagan bo‘lsa-da, u hali ham voqealarga ta’sir ko‘rsatayotgan amaldagi yetakchi sifatida ko‘riladi.

Deyton kelishuvlari shartlariga muvofiq, Bosniya va Hersegovina Serb Respublikasi (asosan bosniya serblari yashaydigan hudud) hamda Bosniya va Hersegovina Xorvat-musulmon federatsiyasiga bo‘lingan. Davlatning bu ikki yarim avtonom qismi o‘zaro kuchsiz markaziy hukumat orqali bog‘langan. Mamlakatning 3,5 millionga yaqin aholisining taxminan uchdan bir qismi Serb Respublikasida istiqomat qiladi, uning hududi esa butun davlat maydonining deyarli yarmini tashkil qiladi.

Mavzuga oid