O‘zbekiston | 09:50 / 24.11.2025
1617
2 daqiqa o‘qiladi

Zaha Hadid Architecs O‘zbekistondagi loyihalarni kengaytirishi mumkin

Londonda bo‘lib o‘tgan qurilish va arxitektura sohasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan tadbirda Britaniyaning Zaha Hadid Architecs kabi yetakchi kompaniyalari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yirik loyihalarda o‘z ishtirokini kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi.

Foto: «Dunyo» AA

«Dunyo» AA muxbiri xabar qilishiga ko‘ra, Londonda tashkil etilgan tadbirda Buyuk Britaniya hukumatining Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon bilan savdo masalalari bo‘yicha maxsus vakili Lord Olderdays, Buyuk Britaniya Biznes va savdo vazirligi, Eksportni moliyalashtirish agentligi, «Standard Chartered» banki rahbarlari, shuningdek, Cross Works, Zaha Hadid Architecs, Arup, WilkinsonEyre, Civic, LDA Design, Crossrail International, AtkinsRéalis, Chapman Taylor va boshqa yetakchi muhandislik va arxitektura kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda Buyuk Britaniya ishbilarmon doiralari vakillari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan infratuzilma va qurilish loyihalarida ishtirokini yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladi.

Ta’kidlanishicha, Britaniya muhandislik va arxitektura kompaniyalari allaqachon O‘zbekistondagi qator loyihalar konsepsiyasini ishlab chiqishda ishtirok etgan. Jumladan:

Cross Works kompaniyasi tomonidan Yangi Toshkent shahri loyihasi konsepsiyasi;
Zaha Hadid Architecs tomonidan Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Adabiyot muzeyi va Milliy maqom markazini o‘z ichiga olgan majmua loyihasi;
Arup tomonidan Samarqanddagi «Ipak yo‘li turizm markazi» loyihasi konsepsiyasi ishlab chiqilgan.

Tadbir doirasida O‘zbekistonda shaharsozlik, barqaror infratuzilma, zamonaviy arxitektura va madaniy-innovatsion markazlarni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid