Jahon | 22:50 / 26.11.2025
2593
3 daqiqa o‘qiladi

Trampning o‘g‘li respublikachilarga Tramplikachilar bo‘lishni taklif qildi

AQShda Trampni qo‘llab-quvvatlash darajasi pasaymoqda, hatto uning MAGA harakatidagi tarafdorlari ham hafsalasi pir bo‘lganini bildirmoqda. AQSh prezidenti o‘zining eng sodiq izdoshlarini Tpublikachilar, uning o‘g‘lini esa Tramplikachilar deb atashni taklif qildi.

Foto: AP

Prezident Donald Trampning siyosatini qo‘llab-quvvatlovchi AQSh Respublikachilar partiyasi a’zolarini yangi so‘z bilan atash mumkin. Bu haqda Trampning o‘zi Truth Social platformasida yozdi. Uning ta’kidlashicha, gap «deyarli barcha» partiya a’zolari haqida ketmoqda.

- Balki, TEPUBLICAN? Yoki TPUBLICAN?, deb taklif kiritdi prezident. Ingliz tilida Respublikachilar partiyasi Republican Party deb ataladi.

Uning o‘g‘li kichik Donald Tramp esa «Tramplikachilar» (Trumplican) deb atashni taklif qildi.

AQSh prezidentining ma’qullash reytingi inauguratsiyadan beri asta-sekin pasayib bormoqda. O‘nlab tashkilotlar so‘rovlari natijalarini to‘plagan The New York Times gazetasining o‘rtacha hisob-kitoblariga ko‘ra, hozir Trampni 41 foiz amerikaliklar qo‘llab-quvvatlamoqda, 55 foizi uning siyosatini ma’qullamaydi. An’anaviy ravishda respublikachilarni qo‘llab-quvvatlovchi Fox News telekanali ham Trampning mashhurligi pasayganini ta’kidlayapti.

So‘nggi haftalarda Tramp o‘zining Make America Great Again (MAGA) harakati a’zolari tomonidan tez-tez tanqid qilinmoqda. Undagi eng ko‘zga ko‘ringan shaxslardan biri, kongressmen Marjori Teylor Grin milliarder Jyeffri Epshteynga tegishli hujjatlarni e’lon qilishdan bosh tortgani uchun Tramp bilan ziddiyatga bordi (keyinchalik prezident hujjatlarning e’lon qilinishini qo‘llab-quvvatladi). Natijada, Grin Kongressni tark etishini e’lon qildi va Oq uyni yana tanqid qildi: ish o‘rinlari noqonuniy migrantlar bilan almashtirilgani, AQSh davlat qarzining oshishi, amerikaliklarning soliqlari evaziga xorijiy manfaatlarni moliyalashtirish, dollarning xarid qobiliyatining pasayishini ta’kidladi.

Respublikachilarning to‘rtdan bir qismi (25 foiz) Trampning tarif siyosatini ma’qullamaydi va deyarli yarmi (47 foiz) tariflar inflatsiyani kuchaytirishini aytdi, deyiladi Washington Post va ABC tomonidan yaqinda o‘tkazilgan so‘rov natijalarida. Uning sobiq maslahatchisi Stiv Bennon prezidentning «Amerika birinchi o‘rinda» tamoyiliga zid ravishda tashqi siyosatga e’tibor qaratayotganidan norozilik bildirgan.

Mavzuga oid