Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston OTMda biznes-ta’limga AMBA akkreditatsiyasi joriy etiladi
Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi direktori Baxtiyor Yo‘ldoshev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Londonga tashrifi davomida mamlakat oliy ta’lim muassasalarida biznes-ta’lim dasturlari uchun AMBA xalqaro akkreditatsiyasini joriy etish bo‘yicha muhim kelishuvga erishildi. Safar doirasida Going Global xalqaro konferensiyasida ishtirok etildi hamda nufuzli ta’lim tashkilotlari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazildi.
Londonda bo‘lib o‘tgan Going Global xalqaro konferensiyasi Education for Transformation: Building Partnerships for the Future mavzusida o‘tkazilib, unda 80 dan ziyod mamlakatdan ta’lim vazirlari, agentliklar va oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etdi. O‘zbekiston delegatsiyasi ham mazkur anjumanda faol qatnashdi.
Xalqaro forum doirasida oliy ta’limda sifat kafolati va samarali boshqaruv tizimi, davlat-xususiy sheriklik asosida innovatsion universitetlar tarmog‘ini kengaytirish, transmilliy ta’lim dasturlari sifatini ta’minlash, ta’lim orqali inson kapitalini rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda panel muhokamalar o‘tkazildi.
Safar doirasida yurtdoshlar AMBA & BGA, QAA, Ofqual hamda Cambridge University Press & Assessment kabi nufuzli tashkilotlar mas’ullari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.
AMBA & BGA tashkilotining bosh ijrochi direktori Endryu Meyn Uilson bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda O‘zbekiston ta’lim tizimida o‘quv dasturlarini baholash va akkreditatsiya mezonlari, OTMda biznes-ta’lim dasturlariga AMBA akkreditatsiyasini joriy etish imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi.
Muzokaralar chog‘ida ta’lim sifatini baholashda xalqaro indikatorlarni milliy tizimga uyg‘unlashtirish, kadrlar malakasini oshirish, tajriba almashish mexanizmlarini yaratish bo‘yicha ham hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvlar yakunida Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi hamda AMBA & BGA o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumi imzolandi. Unga ko‘ra, AMBA & BGA tashkiloti O‘zbekistonda xalqaro akkreditatsiya agentligi sifatida tan olinishi, shuningdek, uning ko‘magida qo‘shma treninglar, onlayn seminarlar va ekspert almashinuvlari yo‘lga qo‘yilishi belgilanmoqda.
Mazkur kelishuv O‘zbekiston OTMda biznes-ta’lim sifati va xalqaro raqobatbardoshlikni oshirish, bitiruvchilarni global mehnat bozori talablariga mos tayyorlashda muhim qadam sifatida qayd etilmoqda.
Mavzuga oid
10:15 / 26.06.2026
Oliy toifali o‘qituvchilar maqsadli magistraturaga qabul qilinadi
17:00 / 25.06.2026
Mehnat inspeksiyasi Adiz Boboyevga ogohlantirish yubordi
14:36 / 25.06.2026
Samarqand viloyati hokimi o‘qituvchilarni ko‘cha nazoratchisiga aylantirishni buyurdi
12:17 / 22.06.2026