Jahon | 12:00 / 02.12.2025
1206
2 daqiqa o‘qiladi

Kanada YeIning 150 mlrd yevrolik SAFE mudofaa dasturiga qo‘shiladi

Kanada YeIga a’zo bo‘lmagan davlatlar orasida birinchi bo‘lib Security Action for Europe (SAFE) nomli Yevropa tashabbusiga qo‘shiladi. Bu Ottavaga qurol-yarog‘ xaridi uchun YeI kafolatlari asosida imtiyozli kreditlar olish imkonini beradi.

Foto: Nicolas Economou/NurPhoto/IMAGO

Yevropa Ittifoqi va Kanada dushanba kuni, 1 dekabrda, Ottavaning Security Action for Europe (SAFE) nomli Yevropa mudofaa dasturiga qo‘shilayotgani haqida e’lon qildi. Hajmi 150 mlrd yevroga teng SAFE fondiga kirish huquqi kanadalik kompaniyalarga harbiy texnika sotib olish uchun YeI kafolati ostida imtiyozli kreditlar olish imkonini beradi.

«Biz birgalikda global xavfsizlik uchun hal qiluvchi bo‘lgan ushbu davrda sanoatlarimiz orasida barqaror mudofaa ta’minot zanjirlarini yaratamiz», — deyiladi Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen va Kanada bosh vaziri Mark Karnining qo‘shma bayonotida.

Mark Karni Kanada mudofaa xaridlari tizimini diversifikatsiya qilish va mamlakatning Yevroittifoq bilan munosabatlarini mustahkamlash niyatida ekanini ta’kidladi. «Kanadaning SAFE dasturida ishtirok etishi imkoniyatimizdagi asosiy bo‘shliqlarni yopishga, kanadalik yetkazib beruvchilar uchun bozorlarni kengaytirishga va Yevropa mudofaa investitsiyalarini Kanadaga jalb etishga xizmat qiladi», — dedi bosh vazir.

Avvalroq SAFE dasturiga qo‘shilish istagini Buyuk Britaniya ham bildirgan edi, biroq London talab qilingan kirish badali miqdoriga rozi bo‘lmagan.

Security Action for Europe fondi 2025 yil may oyida, Rossiya tomonidan kelayotgan tahdid kuchayib borayotgan bir sharoitda Yevropa mudofaa salohiyatini mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan. SAFE maqsadlari orasida, shuningdek, Yevropaning mudofaa sohasida AQShga bog‘liqligini kamaytirish va Ukrainaga yordam ko‘rsatish ham bor.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid