Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Netanyahu qanday ayblovlar uchun afv so‘ramoqda va buning imkoni bormi?
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu 10 yilgacha qamoq jazosiga olib keluvchi 3 ta yirik korrupsion ayblovlar bilan yuzma-yuz turibdi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu 30 noyabr kuni prezident Isxak Gersogga rasman murojaat qilib, o‘zini afv etishini so‘radi. Netanyahu Isroil davlatida 2019 yilda ochilgan uchta alohida korrupsion ishlar – pora olish, firibgarlik va ishonchni suiiste’mol qilishda ayblanmoqda.
Isroil prezident devoni «barcha tegishli xulosalar olinganidan so‘ng prezident bu so‘rovni mas’uliyat va vijdonan ko‘rib chiqishini» bildirgan. Ammo bu qaror qachon qabul qilinishiga aniqlik kiritilmagan.
Isroilda prezident asosan ramziy funksiyalarni bajaradi, ammo konstitutsiyaviy qonunlar unga «jinoyatchilarni afv etish, ularga nisbatan jazoni yumshatish va almashtirish» vakolatini beradi.
Al-Jazeera nashri Netanyahu ustidan besh yildan buyon davom etayotgan sud jarayonlari va unga qo‘yilgan ayblovlar haqida ma’lumot to‘pladi.
Netanyahu qanday jinoyatlar sodir etishda ayblanmoqda?
1-ayblov: 1000-ish — «Sovg‘alar ishi»
Netanyahu 2014–2017 yillarda aloqa vaziri bo‘lib ishlagan davrida firibgarlik va ishonchni suiiste’mol qilganlikda gumonlanmoqda. Bu ayblov u hukumat tepasiga kelganida – 2019 yilda e’lon qilingan.
Aybnomaga ko‘ra, Netanyahu va rafiqasi Sara – isroillik Hollivud prodyuseri Arnon Milchan va avstraliyalik milliarder Jyeyms Pakerdan qariyb 200 ming dollarlik qimmatbaho sovg‘alar: shampan va sigaralar olgan.
Milchan 2020 yildagi so‘roq jarayonida Netanyahuga sovg‘alar berganini tasdiqlagan. Milchanning shaxsiy yordamchisi Hadas Klayn ham 2023 yil sudda guvohlik berib, Netanyahu sovg‘alarni shaxsan so‘raganini aytgan. Bu sovg‘alar xarajatlarini Milchan va Paker o‘zaro bo‘lib to‘lagan.
Buning evaziga Netanyahu ularga siyosiy imtiyozlar bergan. Xususan, Bibi AQSh amaldorlariga murojaat qilib, Milchanning vizasini uzaytirishga ko‘maklashgan. Shuningdek, chet elda yashovchi isroilliklarga foyda keltirishi mumkin bo‘lgan soliq imtiyozlari bo‘yicha qonunchilik tashabbuslarini ilgari surgan.
O‘sha paytdagi Isroil bosh prokurori Avixay Mandelblit – sovg‘alarning umumiy qiymati taxminan 186 ming dollar bo‘lganini bildirgan. Nashrning yozishicha, Isroilda «firibgarlik va ishonchni suiiste’mol qilish» uchun 3 yilgacha, pora olish uchun esa 10 yilgacha qamoq va/yoki jarima jazosi tayinlanishi mumkin.
2-ayblov: 2000-ish — «Netanyahu–Mozes ishi»
Bu ishda ham Netanyahu firibgarlik va ishonchni suiiste’mol qilishda ayblanadi. Unga ko‘ra, Netanyahu "Ediot Ahronot" gazetasi rahbari Arnon Mozes bilan bitim qilgan. Unda Mozes Netanyahu haqida ijobiy, raqiblari haqida salbiy ko‘rsatuvlar evaziga raqib nashr – "Israel Hayom" faoliyatini cheklovchi qonunchilikni ilgari surishi kerak edi.
Aybnomaga ko‘ra, 2008–2014 yillar oralig‘ida tomonlar o‘rtasida kamida uch marotaba uchrashuv bo‘lgan. Unda Netanyahu uchun ijobiy media yorituvini yaxshilash, "Israel Hayom" nashriga esa cheklov o‘rnatish haqida muzokaralar o‘tkazilgan. Bu kelishuv amalda qo‘llanmagan bo‘lsa-da, prokuratura yozuvlar ikki tomonlama niyatni tasdiqlashini aytadi.
3-ayblov: 4000-ish — «Bezeq-Walla» ishi
Bu ishda Netanyahu Isroilning eng yirik telekommunikatsiya kompaniyasi – «Bezeq»ga ayrim imtiyozlar berishda ayblanadi.
Netanyahu aloqa vaziri sifatida kompaniyaning sobiq rahbari Shaul Elovitch manfaatlariga xizmat qilgan: «tartibga oid qarorlari» orqali uning moliyaviy manfaatlarini oshirganlikda ayblanadi.
Aybnomaga ko‘ra, buning evaziga – Elovitch nazoratidagi «Walla» saytida Netanyahu va rafiqasi haqida ijobiy maqolalar berilgan. Bu holatda Netanyahuga firibgarlik va ishonchni suiiste’mol qilish bilan birga pora olish ayblovi ham qo‘yilgan.
Netanyahuning asosiy vajlari qanday?
Isroil tarixida eng ko‘p bosh vazirlik qilgan 76 yoshli Netanyahu yillar davomida qonunni buzganini tan olish yoki afv so‘rashdan bosh tortib kelgan.
Netanyahu hozir ham o‘zini aybdor deb bilmaydi va sud jarayonini «davlat ichidagi 'davlatʼ» – «deep state» tomonidan uyushtirilgan siyosiy fitna, raqiblar va ommaviy axborot vositalari tomonidan boshlangan «ovchilik» deb ta’riflaydi.
U shuningdek, agar afv berilsa, Yaqin Sharqdagi keskin vaziyatda Isroilni yanada kuchli qilishga xizmat qila olishini ta’kidlaydi.
Netanyahu afv so‘rovida AQSh prezidenti Donald Trampning bir necha hafta avval – Isroil prezidentiga «afv etishni tavsiya qilgani»ni ham tilga olgan.
Tahlilchilar va kuzatuvchilar fikricha, sud va ehtimoliy hukmdan qochish maqsadida Netanyahu G‘azoga hujumlarni cho‘zgan va urushni kengaytirgan bo‘lishi mumkin.
Afv uchun Netanyahu aybini tan olishi kerakmi?
Netanyahu afv so‘rab topshirgan murojaatida o‘zini aybdor deb tan olmaydi. Isroil oppozitsiyasi rahbari Yair Lapid esa Netanyahuga «aybini tan olish, pushaymonlik bildirish va siyosatni zudlik bilan tark etishsiz» afv berib bo‘lmasligini aytdi.
Isroil demokratiyasi instituti tadqiqotchisi Dana Blanderga ko‘ra, huquqiy jihatdan afv uchun – Netanyahu aybini tan olishi shart emas. Chunki, Isroil qonunchiligida afv berish uchun hech qanday shart qo‘yilmagan.
Bibining afv so‘rovi – avval Adliya vazirligining afv bo‘limi tomonidan ko‘rib chiqiladi va u o‘z xulosasini prezident idorasiga yuboradi. Odatda prezident vazirlik tavsiyasiga amal qiladi, biroq bunga majbur emas.
Isroil prezidenti Isxak Gersog ilgari prokuratura va Netanyahuning advokatlari o‘rtasida kelishuv tuzishni eng maqbul yechim sifatida ko‘rishini bildirgan edi.
Isroil jamoatchiligi qanday munosabat bildirdi?
Bu xabarlar ortidan, yakshanba kunining o‘zida Tel-Avivda – prezident Gersog uyi oldida afv so‘roviga qarshi namoyishlar o‘tkazildi. Namoyishga oppozitsiya siyosatchilari, jumladan, Naama Lazimi ham qo‘shildi.
Nashrning yozishicha, Gersog va Netanyahu ilgari siyosiy raqib bo‘lgan bo‘lsa-da, ular o‘rtasida ishchi munosabatlar yaxshi. Prezident idorasi bir necha bor «murojaatni mas’uliyat bilan va chin dildan ko‘rib chiqishi»ni ta’kidladi».
«U aslida: 'men butunlay begunohmanʼ, deydi. Demak, u hech qanday mas’uliyatni zimmasiga olmayapti… Bu esa barcha jamoat arboblariga hamda jamiyat me’yorlariga yomon signal berishi mumkin», deydi Isroil Demokratiyasi instituti prezidenti Yoxanan Plesner AP nashriga bergan izohida.
Yana qaysi isroillik siyosatchilar korrupsiyada ayblangan?
Al-Jazeera nashrining yozishicha, 1996 yildan beri deyarli barcha Isroil bosh vazirlari korrupsiya bo‘yicha ayblovlar yoki tergovga duch kelgan:
Xususan, 1996–1999 yillarda Netanyahu o‘zining birinchi boshqaruv davrida manfaat to‘qnashuvlari va noqonuniy moliyaviy sxemalar sabab tekshiruvga tortilgan.
1999–2001 yillarda bosh vazir Ehud Barak noqonuniy saylov kampaniyasi uchun mablag‘ yig‘ish, pora olish va pul yuvishda gumon qilingan.
2001–2006 yillarda bosh vazir Ariel Sharon «Yunon oroli ishi» nomi bilan mashhur bo‘lgan yuz minglab dollarlik pora olishda ayblangan.
2006–2009 yillarda bosh vazir Ehud Olmert – Quddus meri bo‘lgan paytida 430 ming dollar miqdorida pora olganlikda ayblanib sudlangan. U 2016 yil fevralda qator jinoyatlari uchun qamoqqa hukm qilingan.
2009–2021 yillarda Netanyahu yana bosh vazirlikka qaytdi. Aynan shu davrda u yuqorida tilga olingan uch ish bo‘yicha sudga tortildi; yana ikki ish bo‘yicha esa ish yurituvi bekor qilingan.
Ma’lumot uchun: Ayni vaqtda Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu – Xalqaro jinoiy sud tomonidan urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlarda ham ayblanmoqda. XJS 2024 yil noyabr oyida G‘azodagi dahshatli jinoyatlar uchun unga nisbatan hibsga olish orderi chiqargan.
Bundan tashqari, noyabr oyida Turkiyada ham Isroil hukumatining 37 nafar amaldorlari qatori — Binyamin Netanyahuga nisbatan «genotsid» va «insoniyatga qarshi jinoyatlar» ayblovi bo‘yicha hibsga olish orderlari chiqarilgan.
Mavzuga oid
13:59 / 02.12.2025
“Netanyahu uchun qulay siyosiy fon yaratilyapti” - Farhod Karimov
18:14 / 30.11.2025
Netanyahu Isroil prezidentidan korrupsiya ishi bo‘yicha afv so‘radi
16:52 / 29.11.2025
Isroil G‘arbiy sohilning shimoliy qismida yirik harbiy operatsiya boshladi
16:03 / 26.11.2025