Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ekologik toza qurilish materiallari ulushi kamida 25 foizga yetkaziladi
“Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmini 62 trln so‘mga yetkazish, eksportni 1,5 mlrd AQSh dollariga oshirish hamda qurilishda ekologik toza, resurstejamkor va energosamarador materiallar ulushini kamida 25 foizga yetkazish belgilab qo‘yildi.
Qaror bilan qurilish materiallari sanoatini jadal rivojlantirish, ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash va tashqi bozorda milliy mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha qator ustuvor vazifalar belgilandi.
Jumladan, qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmini 62 trln so‘mga yetkazish, qurilish sanoati korxonalarining eksport salohiyatini oshirish va eksport hajmini 1,5 mlrd AQSh dollariga yetkazish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, ekologik toza, resurstejamkor va energosamarador qurilish materiallari ishlab chiqarishni kengaytirish hamda qurilish jarayonlarida bunday materiallardan bosqichma-bosqich foydalanishni yo‘lga qo‘yish vazifasi qo‘yildi. Bu orqali atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish, energiya samaradorligini oshirish va zamonaviy “yashil” standartlarni joriy etish ko‘zda tutilgan.
Qarorga muvofiq, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari O‘zbekiston hududida ro‘yxatdan o‘tgan ishlab chiqaruvchi korxonalar vakillarining Afg‘oniston hududiga “Termiz” avtoyo‘l o‘tkazish punkti orqali davlat chegarasidan xavfsiz o‘tib-qaytishini ta’minlaydi. Bu chora sohada faoliyat yuritayotgan korxonalarning qo‘shni mamlakat bozoriga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, 2026 yil 1 iyuldan shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish vakolatiga ega tashkilotlar tomonidan loyiha-smeta hujjatlarini shaharsozlik ekspertizasidan o‘tkazishda alohida tartib joriy etiladi. Unga ko‘ra, loyihada ko‘zda tutilgan qurilish materiallari hajmining kamida 25 foizini ekologik toza, resurstejamkor va energosamarador qurilish materiallari tashkil etishi shart.
Mazkur talabga rioya etilgan-etilmagani ekspertiza jarayonida tekshiriladi. Qarordan kutilayotgan asosiy natija — qurilish tarmog‘ida ekologik barqarorlikni ta’minlash, zamonaviy standartlarga javob beradigan, xavfsiz va samarador qurilish materiallaridan foydalanishni kengaytirishdir.
Mavzuga oid
15:44
Qurilish materiallari tarmog‘ida kreditini to‘lolmayotgan korxonalar uchun 50 mln dollar ajratiladi
12:53
Prezident: Energiya tejamkor qurilish materiallariga o‘tish vaqti keldi
09:09 / 14.04.2026
O‘zbekistonda elektron tijorat uchun bond omborlari tashkil etiladi
11:39 / 01.04.2026