O‘zbekiston | 14:03 / 03.12.2025
606
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston–Germaniya IT va avtomobilsozlikda yangi loyihalarni rejalashtirmoqda

Germaniya iqtisodiyotining Sharqiy qo‘mitasi ijrochi direktori Mixayel Xarms boshchiligidagi nemis biznes delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif doirasida IT, sanoat va avtomobilsozlik sohalarida qo‘shma loyihalarni kengaytirish hamda yangi hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildi.

Foto: Dunyo

“Dunyo” xabariga ko‘ra, Germaniya iqtisodiyotining Sharqiy qo‘mitasi ijrochi direktori Mixayel Xarms rahbarligidagi nemis tadbirkorlaridan iborat delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida AKT sohasida faoliyat yuritayotgan Germaniya kompaniyalari vakillari Vazirlar Mahkamasi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Park Uzbekistan, “O‘zavtosanoat” AJ, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi hamda qator xususiy kompaniyalarda uchrashuvlar o‘tkazdi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Akrom Aliyev bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro manfaatli iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar samaradorligini oshirish, shuningdek sanoat, investitsiya va savdo sohalarida yangi istiqbolli yo‘nalishlarni ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.

Tashrif doirasida, shuningdek, Germaniyaning bir qator nufuzli tashkilot va kompaniyalari: GFR Ishlab chiqarish resurslari, xaridlar va logistika bo‘yicha federal ittifoqi (BME), dasturiy ta’minot va raqamli yechimlar ishlab chiqish bo‘yicha yetakchi kompaniya EPAM Systems, nemis tili bo‘yicha xalqaro sertifikatlash markazi Telc vakillari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazildi.

Muloqot jarayonida Germaniyaning yangi kompaniyalarini O‘zbekiston bozoriga jalb etish, mamlakatda faoliyat yuritayotgan nemis investorlarining ishtirokini kengaytirish, shu jumladan sanoatni modernizatsiya qilish, avtomobilsozlik, yashil energetika va yuqori texnologiyali ishlab chiqarish sohalarida hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Germaniya biznes doiralari vakillari O‘zbekistondagi investitsiya muhiti, logistika imkoniyatlari, raqamli iqtisodiyot va IT-infratuzilmaning jadal rivojlanayotgani, avtomobilsozlik va elektrotexnika sohalarida kooperatsiyani kengaytirishga katta qiziqish bildirdi.

Uchrashuvda mazkur tashrif 2024 yilda Samarqand shahrida imzolangan 2024–2026 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik va sanoat kooperatsiyasi dasturi doirasida tashkil etilgani ta’kidlandi.

Yakunda tomonlar o‘zbek-nemis iqtisodiy hamkorligini yanada mustahkamlash, bunday amaliy uchrashuvlarni muntazam davom ettirish va O‘zbekiston iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishga xizmat qiladigan yangi biznes loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldi.

Mavzuga oid