Jahon | 23:00 / 04.12.2025
5362
7 daqiqa o‘qiladi

Amerika delegatsiyasi Zelenskiy bilan uchrashuvni bekor qilgan - OAV

Kremlda o‘tgan Amerika — Rossiya delegatsiyasi uchrashuvining yangi tafsilotlari paydo bo‘ldi. Uitkoff va Kushner Putin boshqa tadbirda nutq so‘zlagani uchun u bilan uchrashuvni bir necha soat kutib qolgan.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Trampning maxsus vakili Uitkoff va Putin o‘rtasidagi uchrashuv haqida Rossiya tomonidan prezident yordamchisi Ushakov bayonot berdi. Uning aytishicha, Rossiya Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha AQSh ilgari surgan dastlabki rejadan tashqari to‘rtta alohida hujjat olgan.

Amerika nashrlari bu to‘rt hujjat nima ekaniga oydinlik kiritdi: hujjatlardan birida Ukraina suvereniteti, VSU qo‘shinlari soni va ukrain rekatalarining uchish masofasi muhokama qilingan. Yana bir hujjatda hududlar, qolgan ikki hujjatda iqtisodiy hamkorlik va Yevropa xavfsizligi haqida so‘z borgan. Ushakovning aytishicha, Rossiya tomoni bu hujjatlardagi aniq detallarni muhokama qilmagan, shunchaki hujjatlarda umumiy nima yozilgani haqida fikr almashilgan.

Zelenskiy bilan uchrashuv bekor bo‘ldi

Amerika nashrlarining yozishicha, Uitkoff va Kushner Kremlda Putin bilan uchrashganidan keyin Yevropadagi davlatlardan birida, katta ehtimol Belgiyada, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashishi kerak bo‘lgan. Lekin, yana o‘sha Amerika nashrlarining yozishicha, Trampning vakillari ruslarning iltimosiga ko‘ra Zelenskiy bilan uchrashuvni bekor qilgan.

Aslida muzokarachilar avval bir davlat, keyin boshqa davlat yetakchisi bilan uchrashishi kerak, to‘g‘rimi? Ya’ni Uitkoff va Kushner Zelenskiyning oldiga borib «Putin bunday dedi, sizning pozitsiyangiz qanaqa?» deb so‘rashi kerak. Lekin Trampning do‘sti va kuyovi Kremldan chiqiboq chemodanini yig‘ishtirib Amerikaga jo‘nab qolgan. Ko‘rinib turibdiki, Trampning muzokarachilari urushni faqat va faqat Putinga yoqadigan gaplar aytish orqali tugatish mumkin deb hisoblamoqda.

Aytgancha, Uitkoff va Kushner endilikda Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha asosiy muzokarachiga aylandi. Tramp milliarder do‘stining yoniga milliarder kuyovini ham qo‘shib qo‘ydi, har ehtimolga qarshi. Zelenskiy bilan uchrashuvni bekor qilgan bu ikki muzokarachi Amerikada Ukraina muzokarachilari yetakchisi Rustem Umerov bilan uchrashadigan bo‘libdi. O‘ylab qarasak, bu mantiqan to‘g‘ri ham, chunki Uitkoff va Kushner siyosiy vazn jihatdan Umerov bilan teng, prezident Zelenskiy bilan emas.

Vaqt cho‘zishmi?

Kremlning Amerika delegatsiyasi qabul qilingani haqida bayonotlari farqli bo‘ldi. Avvaliga Yuriy Ushakov chiqib tomonlar maqbul yechim topa olmaganini aytdi. Keyinroq Peskov «Putin Amerikaning rejasini rad etmagani, Kreml muzokaralar tafsilotini ochiqlamaslikni ma’qul ko‘rishini» aytdi. Lekin tovarish Peskov, sizdan oldinroq tovarish Ushakov chiqib muzokaradagi eng asosiy tafsilotni aytib bo‘ldi: Rossiya va AQSh kelishuv bo‘yicha har tomonni qanoatlantiradigan yechim topa olmadi.

Keyinchalik ma’lum bo‘ldiki, Moskva Vashingtonga reja ustida muloqotni davom ettirish taklifini bildirgan. Bu manyovr esa bizga tanish, hozir uzil-kesil yo‘q deyishsa, Ukrainaga teskari bo‘lib olgan Tramp endi Rossiyani yomon ko‘rib qolishi va shunga qarab ish ko‘rishi mumkin. Lekin «rejangiz yaxshi, faqat uning ustida ishlash kerak», deyilsa, muhokamani istalgancha davom ettirish mumkin.

Tramp yana Rossiya tomonda?

Dunyo siyosatida Donald Trampchalik o‘zgaruvchan odam yo‘q, ayniqsa urush muzokaralari davrida u juda ko‘p o‘zgardi: bir qarasa, Ukrainani urush boshlashda ayblaydi, bir qarasa Putinni tanqid qilib, Rossiyani «qog‘oz yo‘lbars» deydi. Hozir yana Ukrainani yomon ko‘rish navbati kelgan ko‘rinadi. Tramp Oq uyda jurnalistlar bilan uchrashuv vaqtida yana «Ukrainaning qo‘lida yutuqli karta yo‘qligini» aytdi, xuddi 28 fevraldagidek. Uning ohangidan yana Ukrainani ayblayotganini tushunish mumkin. Aftidan, Stiv Uitkoff muzokaralarda ochiqchasiga Rossiyaga yon bosayotgani bejizga emas, o‘zining ta’biri bilan aytganda, Uitkoffning bossi ham hozir shunaqa pozitsiyada.

Qisqichbaqali cheburek

Har kuni yuzlab ukrain va rus askarlari mantiqsiz urush sabab o‘lishda davom etayotgan, bu qirg‘inbarotni tugatish uchun chinakam imkoniyat paydo bo‘lgan bir vaqtda Rossiyadagi davlat nashrlari nimani muhokama qilayotganini qarang: Uitkoff va Kushner qaysi restoranda nima yeganini.

Emishki Trampning do‘sti va kuyovi Kreml yaqinidagi Savva degan restoranga kirib 25 ming rubl (325 dollar atrofida) to‘lab chiqishibdi. Mehmonlarga issiq gazak sifatida qisqichbaqali mini cheburek, qo‘ziqorinli chuchvara, issiq taom sifatida grechkali qiyma bedana, kiyik go‘shti va yana allambalo baliqli taomlar tortilibdi. Qizig‘i, restoran egasi mister Uitkoff qovurilgan, qarsildoq xamirni yaxshi ko‘rishini ham bilarkan. Albatta, kechki ovqatga grechkani shohona taom deb bo‘lmaydi, lekin urush ketayotganda bunday detallarga mehr bilan to‘xtalish... bilmadim.

Tan olaman, mening dunyoga qarashim boshqacha, men urush davrida, odamlar o‘layotganda biznes haqida o‘ylaydigan chinovniklarni dunyodagi eng yomon odam deb bilaman. Mening fikrimcha, dunyodagi eng qudratli davlatning 80 yil ichidagi eng katta urushni tugatishi mumkin bo‘lgan muzokarachilari frontda har soniyada odamlar o‘lib ketayotgani, har soniyada ayollar beva, go‘daklar yetim qolayotgani, oilalar parokanda bo‘layotganini doim o‘ylashi kerak. Har ikki tomonda — Rossiyada ham, Ukrainada ham odamlar mantiqsiz urush sabab o‘lib ketyapti. Janoblar, ha, siz biznes odamlarisiz, lekin okopda qotgan non yeb jang qilayotgan minglab rus, ukrain yigitlar siz to‘g‘ri ishlasangiz, tirik qolishi mumkin. Siz ham urush nimaligini tushunish uchun hech bo‘lmasa frontdan olingan videolarni ko‘ring, qotgan non yeb kun o‘tkazing okopdagi bo‘z yigitning ahvolini his qilish uchun. Qisqichbaqali cheburekni pishloqli non bilan yeyish qochib ketmaydi, bunga urushdan keyin ham ulgurasiz...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi — Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid