Jamiyat | 19:35 / 06.12.2025
24085
6 daqiqa o‘qiladi

Sobiq deputat, multi-millioner va avtobloger. Sanjar Karimov kim o‘zi?

Ijtimoiy tarmoqda Real Sanjik taxallusi bilan tanilgan Sanjar Karimov atrofidagi mojaro yangi bosqichga ko‘tarildi. Hashamatli hayotini ko‘z-ko‘z qilib, o‘zini juda boy inson sifatida ko‘rsatuvchi Karimovga nisbatan jiddiy ayblovlar qo‘yilib, qamoqqa olindi. Ayrimlar hibsni “toshkentlik bir qizning oilasidan uyi olib qo‘yilishi voqeasi” bilan bog‘lashyapti. Xo‘sh, Real Sanjik kim va nima ish bilan shug‘ullangan?

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Real Sanjik kim?

Xalq orasida Real Sanjik nomi bilan tanilgan tadbirkorning asl ismi – Sanjar Karimov. U 1990 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan. Intervyularidan birida yoshligida professional karate bilan shug‘ullangani, hatto O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi tarkibiga ham jalb qilingani haqida aytib o‘tgan. Talabalik yillarida bir muddat AQShda yashagan.

Uning omma e’tiboriga tushishi bo‘lajak turmush o‘rtog‘iga “Bunyodkor” stadionida baxosi taxminan 300 ming dollar turadigan Bentley Continental avtomobilini sovg‘a qilishidan boshlanadi. O‘sha voqeadan so‘ng uning shaxsi bilan qiziquvchilar ko‘payadi.

Karimov, shuningdek, bir muddat Bektemir tumani deputati ham bo‘lgan.

4 mln dollarlik villa va 35 ta mashinali “garaj”

2024 yilda bloger Jahongir Latipovga bergan intervyusida Real Sanjik 4 million dollarlik villa va 35 ta mashinadan iborat avtoparki borligini aytgan.

Shov-shuvli suhbat davomida 35 yoshli Karimov asosan avtomobillari, qimmatbaho saotlar, ko‘chmas mulk ta’miri, hashamatli hayot tarzi va shunga o‘xshash narsalar haqida gapirgan.

Jahongir Latipov uni “O‘zbekistonning eng boy fermeri” deya ta’riflagan.

Ko‘rsatuvda boylik va xashamatga yo‘g‘rilgan hayot tarzini ko‘z-ko‘z qilarkan, hikoyamiz qahramoni aynan nima ish qilishi va asosiy daromadi qayerdan kelishi haqida aniq ma’lumot bermagan.

Sanjar Karimov qanday boyigan?

Ochiq manbalarga ko‘ra, Karimov Sanjar Baxrom o‘g‘li O‘zbekistonda tashkil etilgan bir qancha korxona va tashkilotlarning ta’sischisi va rahbari hisoblanadi.

Xususan, u g‘alla, urug‘lar va hayvonlar uchun ozuqalarning ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi “Agro Export Group Incorporation” MChJda 99,9 foiz, “Agro Martis” MChJda 100 foiz, yog‘och, qurilish materiallari va sanitariya-texnik uskunalar ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi “Property Clouds” MChJda 50 foiz ulushga egalik qiladi.

 

Bundan tashqari, Karimov Agro Export Group orqali Trade&Production International'da 24 foiz, PetroGroup NRG'da 52,5 foiz, shuningdek, Agro Export Group va Agro Martis'lar orqali O‘zbekiston Urug‘chilar assotsiatsiyasida 33,3 foiz ulushni nazorat qilib keladi.

 

Tadbirkor asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun ozuqalar, qurilish mahsulotlari hamda yoqilg‘i ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarda ta’sischi yoki ulushdor sifatida keltirilgan.

Nizoli uy voqeasi

Shu yilning oktyabr oyida Toshkentda yashovchi Jamila Olimboyeva o‘zi va oilasi firibgarlik qurboni bo‘lganini ma’lum qilib, ijtimoiy tarmoqlarda videomurojaat qoldirdi. Qizning so‘zlariga ko‘ra, yigiti Shahzod Rismatov qariyb 70 yoshga kirgan ota-onasini uyni 12 kunga vaqtincha “garovga qo‘yishga” ko‘ndirgan, shundan so‘ng turar joy oldi-sotdi sifatida rasmiylashtirilib, Sanjar Karimov nomiga o‘tkaziladi.

Oradan ko‘p o‘tmay Shahzod Rismatov yo‘qolib qolgan. Keyinchalik uning qochib ketgani ma’lum bo‘ladi. Olimboyevaning ushbu da’vosidan so‘ng Sanjar Karimov uyni egalaridan 240 ming dollar naqd to‘lov evaziga sotib olganini aytib chiqdi.

Rismatovga nisbatan firibgarlikning bir nechta epizodlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va qochoq “kuyov” 21 noyabr kuni 9 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Nizoli uy masalasi fuqarolik ish yuritish tartibida hal etilishi belgilandi.

Gazeta'ning yozishicha, jabrlanuvchi Aliboyevlar oilasi advokatlari ish doirasida Sanjar Karimovning harakatlariga ham huquqiy baho berishni talab qiladi. Sudya iltimosnomani qanoatlantirib, prokurorni xabardor qilishga qaror qilgan.

Sud hukmidan keyin Jamila Olimboyeva barcha bosimlarga qaramay, uni qo‘llab-quvvatlagani va adolat uchun kurashgani uchun Diyora Usmonovaga minnatdorchilik bildirib, post joyladi

Real Sanjik'ning qamoqqa olinishi

Shahzod Rismatovning qamalishidan bir necha kun o‘tgach, jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining 28 noyabrdagi ajrimi bilan Sanjar Karimovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llandi. U o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish hamda giyohvandlik vositalari tayyorlash yoki saqlashda gumonlanyapti.

Uni qamoqqa olish haqidagi iltimosnomani Mirobod tuman sudiga Toshkent shahar prokurorining birinchi o‘rinbosari kiritgan. Sudning 2025 yil 28 noyabrdagi ajrimi bilan, iltimosnoma qanoatlantirilib, ayblanuvchi Karimovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanishi va tergov hibsxonasiga joylashtirilishi belgilangan.

Mavzuga oid