Jahon | 13:01
403
4 daqiqa o‘qiladi

YeI Maskning X ijtimoiy tarmog‘iga 120 mln yevro jarima soldi

Yevrokomissiya birinchi marta Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonunni (Digital Services Act, DSA) buzganlik uchun jarima qo‘lladi. Bryussel bu borada X ijtimoiy tarmog‘ini ayblab, uni 120 million yevro miqdorida jarimaga tortdi. Barcha qoidabuzarliklarni bartaraf etish uchun kompaniyaga 90 kunlik muhlat berildi.

Oq uy tomonidan qilingan tahdidlarga qaramasdan, YeI birinchi marta Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonun doirasida Amerika texnologiya kompaniyasiga nisbatan jarima qo‘lladi. Yevrokomissiya juma kuni, 5 dekabr kuni, milliarder Ilon Maskka tegishli bo‘lgan X mikroblog servisini reklama va foydalanuvchi akkauntlari shaffof emasligi uchun jarimaga tortganini ma’lum qildi.

“Bundan ko‘zlangan maqsad — raqamli qonunchiligimiz bajarilishini ta’minlash”, — dedi Yevrokomissiyaning texnologik suverenitet va xavfsizlik bo‘yicha vitse-prezidenti Xenna Virkkunen X’ga nisbatan qo‘llangan jarimani izohlar ekan.

Yevropa regulyatorining ta’kidlashicha, X ijtimoiy tarmog‘i “ko‘k belgi”ga ega verifikatsiya qilingan akkauntlar uchun o‘z interfeysini noto‘g‘ri tarzda ishlab chiqmoqda va qo‘llamoqda, natijada foydalanuvchilar akkauntlarning haqiqiyligi va u yerda chop etilayotgan kontent ishonchliligiga shubha bildirishi mumkin. Bundan tashqari, Yevrokomissiya ma’lumotlariga ko‘ra, mikroblog servisida reklama shaffofligi talablari bajarilmayapti va regulyatorlarga ommaviy foydalanishdagi ma’lumotlar bazalariga yetarli darajada kirish imkoni berilayotgani yo‘q.

Yevrokomissiya X’ga “ko‘k belgi”ga oid qoidabuzarliklarni bartaraf etish uchun 60 kun, reklama shaffofligi va ma’lumotlarga kirish masalalarini hal qilish uchun esa 90 kun muhlat berdi.

X'ga nisbatan surishtiruv 2023 yilda boshlangan. 2024 yil yozida Yevrokomissiya ijtimoiy tarmoq YeIning raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonunining bir qator moddalarini buzganini bildirgan edi. Yevropa Ittifoqida X mikroblog servisiga nisbatan boshqa surishtiruv ishlari ham olib borilmoqda. Jumladan, ular platforma tomonidan g‘ayriqonuniy kontent tarqalishiga va ma’lumotlar bilan manipulyatsiya qilinishga qarshi ko‘rilayotgan choralarga taalluqli.

AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens Bryusselni Amerika kompaniyalariga hujumda aybladi. U javob qarori e’lon qilinishidan oldin X’da yozib, platformani “senzura bilan shug‘ullanmayotgani uchun” jazolashmoqda, deb ta’kidlagan. “YeI so‘z erkinligini qo‘llab-quvvatlashi kerak, Amerika kompaniyalariga hujum qilmasligi kerak”, — deya Vens Yevropa regulyatorining harakatlarini tanqid qildi.

Yevrokomissar Virkkunen bu ayblovlarni rad etdi. U X’ga nisbatan qo‘llangan jarimani mutanosib chora deb atadi va uning “senzuraga hech qanday aloqasi yo‘q”ligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, qaror qabul qilayotganda YeI “huquqbuzarliklarning foydalanuvchilarga ta’siri va ular qancha muddat davom etgani nuqtai nazaridan jiddiyligini” inobatga olgan.

Bungacha AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati YeIning raqamli qonunlarini bir necha marotaba keskin tanqid qilgan. Oq uy rahbari ayrim mamlakatlar qonunlari, uning fikricha, “Amerika kompaniyalariga zarar yetkazishga qaratilgan” deb hisoblagan va buning uchun ushbu davlatlardan import qilinadigan tovarlarga yangi tariflar joriy etish bilan tahdid qilgan. Ushbu tahdidlarga qaramasdan, YeI o‘z qoidalariga rioya etishga qat’iy bel bog‘laganini ta’kidlab keladi.

Mavzuga oid