Jahon | 10:14 / 08.12.2025
1679
5 daqiqa o‘qiladi

“Asadsiz kelajak” shiorlari ostida: Germaniyada suriyaliklarning ommaviy aksiyasi

Bashar Asad rejimi ag‘darilganining bir yilligi arafasida suriyaliklar Germaniyaning bir qator shaharlarida ommaviy bayram tadbirlarini o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda nemis OAV. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, tadbirlar tinch tarzda o‘tgan.

Foto: Michael Kuenne/PRESSCOV/ZUMA

Minglab suriyaliklar yakshanba, 7 dekabr kuni, Germaniyaning bir qator shaharlarida — Suriyada isyonchilar tomonidan sobiq prezident Bashar Asadning diktatorlik rejimi ag‘darilganining bir yilligi arafasida bayramona aksiyalar o‘tkazdi.

WDR mediakompaniyasi Essen politsiyasiga tayanib xabar berishicha, Shimoliy Reyn–Vestfaliya federal yerida joylashgan ushbu shaharda bayram tadbirlarida taxminan 10 000 suriyalik ishtirok etgan. Tushdan boshlab odamlar markaziy temiryo‘l vokzali atrofida to‘plana boshlagan. Qo‘llarida Suriya bayroqlari bo‘lgan odamlar harakatlangan, avtomashinada kelganlar Suriya bayroqlarini osgan holda signal bergan.

Kunning ikkinchi yarmida shahar markazida yo‘l uchastkalarining odamlar bilan to‘lib ketishi sababli avtotransport harakati vaqtincha izdan chiqqan. Politsiya aksiya o‘tkazilayotgan hududni o‘rab olgan. Umuman olganda, tadbir tinch tarzda o‘tgani qayd etilgan, ammo politsiya bir necha marotaba pirotexnika yoqish holatlarini va “taqiqlangan bayroq namoyish etilgani”ni hujjatlashtirgan.

Berlinda, rbb mediakompaniyasi xabar berishicha, ko‘cha bayramlarida taxminan 3000 kishi ishtirok etgan, garchi politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, avvaldan faqat 300 kishi kelishi mo‘ljallangan edi. Ular Aleksanderplats maydonidan Brandenburg darvozasigacha yurish uyushtirgan. Xabarda aytilishicha, aksiya xotirjam va tinch o‘tgan.

Saksonya-Anhalt federal yeridagi Galle shahrida ham, Du bist Halle onlayn-nashri yozishicha, Asad rejimi ag‘darilishi bir yilligini nishonlash uchun yuzlab suriyaliklar yig‘ilgan.

Ushbu shaharlardagi tadbirlarda qatnashganlar va ularni tashkil etuvchilarning so‘zlariga ko‘ra, vatanida fuqarolik urushi boshlanganda Germaniyaga qochib kelgan ko‘p suriyaliklar Suriyadagi hayot sharoiti yaxshilanishi bilan birga uyga qaytishga tayyor.

Nordkurier onlayn-nashri keltirgan Markaziy chet elliklar registri ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil sentabr oxiriga kelib Germaniya hududida taxminan 948 000 nafar Suriya fuqarosi bo‘lgan. Bu — 2024 yil oxiriga nisbatan uch foizga kam. Nashr ta’kidlashicha, GFRda ro‘yxatdan o‘tgan suriyaliklar soni kamayishining bir nechta sababi bo‘lishi mumkin.

“Ularning bir qismi Germaniya fuqaroligini oldi. 2023 va 2024 yillarda mos ravishda 75 500 va 83 200 suriyalik Germaniya fuqaroligini qo‘lga kiritgan. Shu tariqa suriyaliklar Germaniya fuqarosiga aylangan eng yirik chet elliklar guruhini tashkil etmoqda”, — deyiladi nashrda.

Vatanga qaytish masalasida esa, Federal statistika idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvaridan sentabrigacha 21 800 suriyalik Germaniyani tark etgan. Ular aynan qaysi mamlakatlarga ko‘chib o‘tgani statistikada ko‘rsatilmagan.

Bashar Asad 2000–2024 yillarda Suriya prezidenti lavozimini egallagan. 2011 yilda u hukumatga qarshi paydo bo‘lgan norozilik namoyishlarini kuch bilan bostirdi, shundan so‘ng mamlakatda fuqarolik urushi boshlandi. 2015 yildan e’tiboran Asadga Rossiya faol ravishda yordam bera boshladi. Masalan, 2016 yilda Rossiya Havo-kosmik kuchlari Halab shahrini qattiq bombardimon qilganidan keyin, hukumat qo‘shinlari Asadga qarshi bo‘lgan kuchlardan ushbu shaharni qayta tortib oldi.

Xalqaro tashkilotlar Asad va uning atrofidagilarni bir necha bor inson huquqlarini buzish va urush jinoyatlarida ayblab kelgan. Ular orasida ommaviy qatllar, kimyoviy qurollardan foydalanish va fuqarolik obektlarini bombardimon qilish holatlari tilga olingan.

G‘arb mamlakatlarining ko‘pchiligida va Rossiyada terroristik guruh sifatida tan olingan “Hay’at Tahrir ash-Shom” guruhi va unga ittifoqchi qurolli muxolifat tuzilmalari 2024 yil noyabri oxirida shimoldan Damashq tomon ilgarilab, 2024 yil dekabri boshida Suriya poytaxtiga yetib borishga, shuningdek hukumat tuzilmalari qarshiligisiz deyarli butun mamlakat bo‘ylab hokimiyatni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Natijada prezident Bashar Asad va uning atrofidagilar hokimiyatdan ag‘darildi.

Qo‘shinlar va xavfsizlik tuzilmalari urishmay deyarli butunlay chekingan. Asad mamlakatni tark etdi va Rossiyadan siyosiy boshpana oldi.

Yangi suriya hokimiyati Rossiyadan uni ekstraditsiya qilishni talab qildi, ammo Rossiya prezidenti Vladimir Putin uni topshirishdan bosh tortdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid