Jahon | 14:26 / 08.12.2025
2096
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada dronlar va aviatsiya bilan bog‘liq hodisalar 40 foizga ko‘paydi

GFR aviadispetcherlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning 11 oyida uchuvchisiz apparatlarning samolyotlar bilan xavfli yaqinlashishiga oid holatlar soni o‘tgan yilga nisbatan deyarli 40 foizga oshgan.

Foto: Andreas Gora/picture alliance

Germaniya havo hududida uchuvchisiz apparat (dron)lar bilan yo‘lovchi samolyotlarning xavfli yaqinlashuv holatlari tobora ko‘proq qayd etilmoqda. 2025 yil yanvaridan noyabrigacha aviatsiya uchun xavf tug‘dirgan dronlar bilan bog‘liq 208 ta hodisa ro‘yxatga olingan. Taqqoslash uchun: o‘tgan yilning xuddi shu davrida 149 ta bunday holat qayd etilgan, deb yozadi dpa agentligi 7 dekabr, yakshanba kuni, Germaniya parvozlar xavfsizligi agentligi (Deutsche Flugsicherung, DFS) ma’lumotlariga tayanib.

Bu ko‘rsatkich 2024 yildagi yillik rekord – 161 ta hodisadan ham yuqori. DFS ma’lumotlariga ko‘ra, odatda dronlar fuqarolik samolyotlariga yoki havo transporti infratuzilmasi obektlariga xavfli darajada yaqin kelib qolishi qayd etiladi. Dronlar paydo bo‘lishi sababli aeroportlar ishi bir necha bor vaqtincha to‘xtatilgan. Ularni kim boshqarayotgani esa ko‘p hollarda noma’lum bo‘lib qolmoqda. Hukumat organlari bu hodisalar ortida razvedka yoki terrorchi maqsadlar bo‘lishi ehtimolini inkor etmayapti.

Ko‘pincha dronlar haqidagi xabarlar havoga ko‘tarilayotgan yoki qo‘nayotgan samolyotlar pilotlaridan, shuningdek, dispetcherlik minoralaridagi kuzatuvchilardan tushadi. Bundan tashqari, joriy yildan boshlab federal politsiya boshqaradigan maxsus dron aniqlash tizimlari ham qo‘llana boshladi. DFS ta’kidlashicha, monitoring kuchaygani ham qayd etilgan hodisalar soni oshishiga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, dronlarning deyarli uchdan to‘rt qismi (74 foizi) yirik aeroportlar yaqinida payqalgan. Germaniyadagi eng yirik havo habi bo‘lgan Frankfurt-Mayn aeroportida 2025 yilning 11 oyi mobaynida 45 ta hodisa qayd etilgan, o‘tgan yilning xuddi shu davrida esa bor-yo‘g‘i 17 ta holat bo‘lgan. Bir dron operatori ushlangan.

Dronlar haqida ko‘plab ogohlantirishlar Kyoln/Bonn (14 ta holat), Hamburg (13) va Myunxen (12) aeroportlarida ham kuzatilgan. Berlin aeroportida 8 ta hodisa qayd etilgan.

Germaniya qonunchiligiga ko‘ra, uchuvchisiz apparatlardan uchish-qo‘nish yo‘laklari hududi atrofida 1,5 kilometr radiusda foydalanish taqiqlangan. Bunday qoidalarni buzish havo harakatiga xavfli tarzda aralashuv sifatida baholanadi va unga nisbatan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid