Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Politico: Yaponiya Rossiya aktivlari bo‘yicha YeI rejasini qo‘llab-quvvatlamadi
Huquqiy xavotirlar tufayli Tokio G7 mamlakatlari moliya vazirlari uchrashuvida Ukrainaga yordam ko‘rsatish maqsadida RFning muzlatilgan aktivlaridan foydalanish bo‘yicha YeI rejasiga qo‘shilish to‘g‘risidagi taklifni rad etdi.
Yaponiya dushanba, 8 dekabr kuni o‘tkazilgan «katta yettilik» (G7) moliya vazirlari uchrashuvida yuridik xavotirlar tufayli Ukrainaga yordam sifatida Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan foydalanish rejasiga qo‘shilish haqidagi YeI taklifini rad etdi. Bu haqda dushanba, 8 dekabr kuni Politico onlayn-nashri muzokaralar jarayonidan xabardor bo‘lgan ikki yevropalik diplomatga tayanib xabar berdi.
Qo‘shimcha qilinishicha, Yaponiya hududida urushga qarshi sanksiyalar doirasida jami 30 milliard dollar (taxminan 26 milliard yevro) miqdorida Rossiya aktivlari muzlatib qo‘yilgan.
18–19 dekabrga belgilangan YeIga a’zo mamlakatlar rahbarlari sammiti oldidan Yevrokomissiya Ukrainaga yordam uchun 210 milliard yevrogacha bo‘lgan Rossiya davlat aktivlaridan foydalanishga doir bitimni mamlakatlar o‘rtasida kelishib olishga harakat qilmoqda, deb eslatadi maqola mualliflari.
Biroq bu tashabbusga Belgiya qarshilik ko‘rsatmoqda — chunki bunday qadam muzlatilgan Rossiya aktivlarining 185 milliard yevroga yaqini saqlanayotgan Euroclear Belgiya depozitariysiga bo‘lgan ishonchni izdan chiqarishi mumkin. Qirollikda ta’kidlanishicha, formal-yuridik ta’riflarga qaramasdan, investorlar bu sxemani depozitariyga ishonib topshirilgan aktivlarni musodara qilish sifatida qabul qiladi.
Shu fonda Belgiya talabi shundan iboratki, YeIdan tashqari boshqa G7 mamlakatlari ham o‘z hududlarida muzlatilgan Rossiya aktivlaridan foydalangan holda Ukrainaga qarz berishi kerak. Politico yozishicha, Buyuk Britaniya va Kanada YeI rejasi amalga oshirilsa, bunday sxemaga ochiq ekani haqida signal bergan. Ammo AQSh va Yaponiya bunday tartibni rad etgan.
YeI diplomati Politico’ga ma’lum qilishicha, G7 moliya vazirlari uchrashuvi chog‘ida AQSh Ukrainaga yordam miqdorini G7 mamlakatlari tomonidan sobiq prezident Jo Bayden davrida kelishib olingan kredit bo‘yicha Kiyevga so‘nggi transhlar to‘langanidan keyin qisqartirishini bildirgan.
Nashr hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya agressiyasidan himoyalanishda davom etayotgan Ukraina kelayotgan yilda 71,7 milliard yevro miqdoridagi budjet taqchilligiga duch keladi. Agar yangidan moliyaviy resurslar kelib tushmasa, aprel oyidan boshlab Ukraina davlat xarajatlarini qisqartirishga majbur bo‘ladi, deya ta’kidlanadi maqolada.
Yevroittifoqda kuz boshidan beri Ukrainaga 2026 va 2027 yillarda taxminan 140 milliard yevro miqdorida «reparatsion qarz» ajratish imkoniyati muhokama qilinmoqda. Bu kreditni ta’minlash sifatida Yevropada muzlatib qo‘yilgan Rossiya Markaziy banki zaxiralaridan foydalanish rejalashtirilgan.
Bunda yuridik jihatdan bu mablag‘lar musodara qilinmaydi, ammo Rossiya ularni faqat Ukrainaga reparatsiya to‘laganidan keyingina qaytarib olish imkoniga ega bo‘ladi. Kiyev esa, o‘z navbatida, Rossiya tomonidan to‘langan reparatsiyalar hisobiga YeIdan olgan «reparatsion kredit»ni qaytarib boradi.
Ushbu g‘oyani Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen va Germaniya kansleri Fridrix Mers faol qo‘llab-quvvatlamoqda.
Mavzuga oid
09:35
MAKS aviakosmik ko‘rgazmasi yana bir yilga qoldirildi
16:23 / 11.06.2026
Armaniston hukumati geosiyosiy kursini o‘zgartirish uchun xalqdan mandat oldi - siyosatshunoslar
14:20 / 11.06.2026
Rossiyadan ketgan fuqarolarning mol-mulki xatlanishi mumkin
08:43 / 11.06.2026